Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida nashr etilgan 14 dona kitob hamda 16 dona “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga sovg‘a qilindi. Mamlakatimizning Asosiy qonuniga bag‘ishlangan ushbu nashrlar muzeyning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tarixi” nomli bo‘limiga joylashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-oktyabrdagi farmoyishi bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturining 9-bandida “O‘zbekiston tarixi muzeyida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan bo‘limni yangi eksponantlar bilan boyitish” vazifasi belgilangan. Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan Konstitutsiyaga oid nashrlarning muzeyga tuhfa qilinishi ushbu vazifa ijrosini ta’minlashga hissa qo‘shadi.
Huquqiy nashrlarni muzeyga topshirish tadbiri joriy yilning 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov, ushbu bo‘limning yetakchi mutaxassisi Elyorbek Saidov hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh mutaxassisi Lazizbek Xoliqulov ishtirok etdi.
– Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan taqdim etilgan ushbu kitob va jurnallarni qabul qilib olar ekanman, avvalo, Milliy markaz rahbariyatiga muzey jamoasi nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman, – dedi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyining ilmiy kotibi Alisher Ismoilov. – Bu eksponatlar muzeyga tashrif buyuruvchilarning Konstitutsiyamiz haqidagi bilimlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu nashrlar nafaqat o‘zbek, balki ingliz va rus tilida ham ekani, ayniqsa, muzeyimizga kelgan xorijlik sayyohlarda Konstitutsiyamiz haqida kengroq tasavvur hosil qilishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi xalqimizning uch ming yillik davlatchilik tarixi, an’analari va madaniyatini aks ettiradi. Uning fondida 350 mingdan ortiq osori-atiqa to‘plangan. Muzeyning asosiy binosi 1970-yilda qurilgan va modernizm davriga oid arxitektura yodgorligi sifatida moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 19.11.2024
- Ko'rishlar: 769
- Chop etish