19-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida joylashgan 1 va 3-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shu mavzuda huquqiy ma’rifat darslari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2024-yil 17-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilari qatnashgan huquqiy ma’rifat darslarida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari S.Bozorov va N.Sultonov ma’ruza qildi. Ma’ruzachilar inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlar, jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining tarixiy ahamiyati haqida va yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir qator moddalari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdilar.
Muloqot asnosida inson huquqlarining universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni izchil chuqurlashtirish muhimligi ta’kidlandi. Maktab o‘quvchilari o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mazkur uchta maktab kutubxonalarining har biriga 40 dan oriq huquqiy va badiiy adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 20.11.2024
- Ko'rishlar: 751
- Chop etish