O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida so‘zlagan nutqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizlarni chin qalbdan samimiy tabrikladi. Prezidentimiz e’tirof etganidek, saylov natijasida Qonunchilik palatasi tarkibi qariyb 60 foiz yangilanib, 87 nafar yangi deputat saylandi.
Yangi O‘zbekiston parlamenti me’mori
Har qanday saylov inson, jamiyat va davlat uchun muhim siyosiy jarayondir. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yanada katta mas’uliyat talab etadi.
Bu galgi saylov yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirdi. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi, dedi davlatimiz rahbari.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi 8-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining alohida va qo‘shma majlislarida 17 marta nutq so‘zladi hamda ma’ruzalar qildi. Davlat rahbari, jumladan:
· 5 marta – Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlislarida;
· 4 marta – Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etish asnosida;
· 4 marta – alohida-alohida palatalar majlislarida;
· 4 marta – siyosiy partiyalar fraksiyalari a’zolari bilan uchrashuvlarda ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Parlament faoliyati Prezidentimizning doimiy e’tiborida turibdi. Yurtboshimiz parlament faoliyatini juda yaxshi biladi, chunki o‘z davrida 15-yil deputat maqomida faoliyat olib borgan.
O‘zbekiston Prezidenti o‘tgan davrda xalqaro parlament tashkilotlari rahbarlari bilan 10 martadan ortiq, milliy parlamentlar rahbarlari bilan ham juda ko‘p marta uchrashdi. Parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslar bilan chiqdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament forumlariga muntazam ravishda tabrik yo‘llaydi. Davlatimiz rahbari xorijiy mamlakatlarga tashriflari chog‘ida ham doim parlament rahbarlari bilan uchrashadi.
Bularning barchasi – Prezidentimiz O‘zbekiston parlamentiga ishonishi va tayanishidan dalolatdir. Millat Sardorining o‘z ta’biri bilan aytganda, “Kuchli parlament va xalq vakillik organlari – Yangi O‘zbekistonning tayanchidir”.
Yana bir muhim mezon: yangi tarkibdagi quyi palataning ilk majlisida o‘tgan besh yil davomida Qonunchilik palatasi samarali faoliyat ko‘rsatgani e’tirof etildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Quyi palata tomonidan 130 dan ortiq yangi va yaxlit qonunlar qabul qilindi. Bu – oldingi davrga nisbatan 1,5 karra ko‘p”.
Shu bilan birga, yangi tarkibdagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi birinchi majlisida parlament faoliyatida yutuqlar bilan birga e’tibordan chetda qolgan masalalar ham bo‘lganiga e’tibor qaratildi. Prezident ularning ayrimlariga to‘xtaldi. Xususan:
birinchidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlaydigan va aniq ijro mexanizmlariga ega qonunlar ulushi kamligicha qolmoqda;
ikkinchidan, parlament nazorati to‘laqonli ta’sirchan institutga aylandi, deb hozircha aytib bo‘lmaydi;
uchinchidan, O‘zbekiston Prezidenti ta’biricha, “parlament va deputatlik nazorati ijtimoiy soha bilan cheklanib qolmoqda”.
“Deputat – bu xalq xizmatchisi”
O‘zbekiston Prezidenti asosli ta’kidlaganidek, “parlament – demokratiya maktabi”, shuningdek, “parlament – xalq uyi”. O‘z navbatida, “deputat – fikri zikri bilan xalqqa eng yaqin odam, doimo el-yurtning tashvish va muammolari bilan yashaydigan, katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan shaxs”, deydi Prezidentimiz.
Bu gal Prezident Shavkat Mirziyoyev xalq noiblariga yana bir yangi ta’rif berdi. Ya’ni: “Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga o‘rnak bo‘ladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, o‘z Vatanini chin dildan sevadigan insondir”.
Shu ma’noda, deputatning mas’uliyati – xalq ishonchini qanday oqlashida namoyon bo‘ladi. Chunki xalq vakillari sifatida deputat va parlament xalqqa xizmat qiladi.
Bu haqda fikr yuritganda, yangi davr o‘zgarishlari negizida ishonch bilan shunday fikrlarni baralla aytsak bo‘ladi. Ya’ni:
· bugungi parlament – kechagi parlament emas;
· bugungi deputat – kechagi deputat emas;
· bugungi partiyalar fraksiyalari – kechagi partiyalar fraksiyalari emas.
Ushbu fikrlarning tasdig‘i uchun o‘tgan chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyatiga oid ba’zi bir raqamlarni keltirish o‘rinli. Xususan, quyi palata 2020-2024-yillarda jami 654 ta qonun loyihasini ko‘rib chiqdi. Shundan 135 tasi – yaxlit, ya’ni yangi qonun loyihasi bo‘lsa, 47 tasi – xalqaro shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi hamda 472 tasi – ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlarining qonun ijodkorligi tashabbusi keyingi 5-yilda izchil kuchaydi. Deputatlar tomonidan o‘tgan davrda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida 72 ta qonun loyihasi kiritildi.
Deputatlarning o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari ko‘lami va samaradorligi ortdi. Prezidentimizning “Deputat va senatorlarni o‘zlari saylangan hududdagi muammolar tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganligini doimiy o‘rganib, nazorat qilib borishga chaqiraman”, degan da’vati bu borada kuchli turtki bo‘ldi.
Xalq vakillari faoliyatida saylovchilar deputat oldiga emas, deputat o‘z saylovchilari huzuriga borishi shart, degan tamoyil ustuvorligiga katta ahamiyat berildi. Deputatlarning saylov okruglarida saylovchilari bilan qariyb 30 marta uchrashuvi tashkil etilib, bu keng qamrovli jarayonda deputatlar 80 ming 254 nafar fuqaroni qabul qildi.
Deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati doirasida 73 ming 892 ta obyekt, jumladan, aholi xonadonlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, ijtimoiy soha muassasalari va boshqa ko‘plab tashkilot va korxonalarga tashrif buyurildi. Joylarda o‘tkazilgan 23 mingtadan ziyod uchrashuvda 48 ming 847 ta masala ko‘tarilgan bo‘lib, ayni vaqtga qadar shundan 19 ming 568 tasi ijobiy hal etildi.
Eng muhimi, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatiga yangicha shakllar va usullar joriy qilindi. Masalan, deputatlarning saylov okruglaridagi o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarini har oyning oxirgi haftasida o‘tkazish va ushbu uchrashuvlar yakunlarini Qonunchilik palatasi hamda uning Kengashi majlislarida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Joylarda har bir deputat o‘z hududidagi Xalq qabulxonalari bilan doimiy aloqa o‘rnatdi. Deputatning saylov okrugida faoliyat ko‘rsatadigan yordamchisi lavozimi joriy etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti haqli tanqid qilganlaridek, “Deputatlarning saylov okrugidagi faoliyati asosan uchrashuvlar tashkil etish, shikoyat va savollarga rasmiy javob berishdan iborat bo‘lib qolmoqda. Misol uchun, islohotlarning muhim qismi bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish masalasida deputatlarimiz hali o‘z o‘rnini topa olgani yo‘q”.
Yangi O‘zbekiston parlamenti – g‘oyalar generatori, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoni
Keyingi davrda siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari tomonidan hududlarda aniq masala va yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazish amaliyoti tatbiq etildi. Zero, Prezidentimiz qayd etganidek, “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”.
Tabiiyki, o‘tgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi. Shu ma’noda, Prezidentimiz parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligiga e’tibor qaratgani alohida diqqatni tortadi.
Buning uchun davlatimiz rahbari parlamentdagi muxolifatga qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti:
birinchidan, parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish;
ikkinchidan, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash;
uchinchidan, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi huquqlarni taqdim etish tashabbusini ilgari surdi.
Prezidentimiz uqtirganidek, “Yangi davrda parlament chinakam xalq uyi, uning quyi palatasi esa g‘oyalar generatoriga, sog‘lom raqobat, bahs va munozaralar maydoniga aylanishi kerak”.
Sodda qilib aytganda, saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tishi maqsadga muvofiqdir. Bu, albatta, xalqimiz manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.
Eng asosiysi, davlat rahbari partiyalar saylov kampaniyasi davomida ilgari surgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif albatta ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini ta’kidladi.
Prezident tashabbuslarining qonun ijodkorligi rivojidagi samaralari
O‘zbekiston Prezidenti o‘zining qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanib, o‘tgan 5-yilda 38 ta qonun loyihasini kiritdi. Bu bilan davlatimiz rahbari “Qonunning birdan bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart”, degan o‘z qat’iy talabini ro‘yobga chiqarish borasida parlament a’zolariga namuna ko‘rsatdi.
Prezidentimiz parlament faoliyatini barcha yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlantirish borasida muntazam o‘z takliflarini berib kelayotganligini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, Yurtboshimizning qonun loyihalari sifatli, xalqchil bo‘lishi va jamoatchilikning qonun ijodkorligidagi faol ishtirokini ta’minlashga doir tashabbuslariga amal qilgan holda, o‘tgan davrda Qonunchilik palatasiga kiritilgan 18 ta qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qonunchilik palatasida qonunlarni uch o‘qishda muhokama qilish tartibi joriy qilindi. Qonun loyihalari muhokamasida siyosiy partiyalar fraksiyalarining o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada oshdi. Yaxlit kodekslar qabul qilish amaliyotiga o‘tildi, xususan, Saylov, Shaharsozlik, Mehnat, Tadbirkorlik va Suv kodekslari qabul qilindi.
Haqiqatan ham, keyingi yillarda Qonunchilik palatasi faoliyatida jamoatchilik ishtiroki yanada kuchaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar o‘z takliflarini quyi palataga kiritish huquqiga ega ekani kafolatlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti fuqarolarning tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qonunchilik palatasi huzurida Jamoaviy tashabbuslar bo‘yicha parlament komissiyasini tashkil etishni taklif qildi.
Ta’sirchan parlament nazorati – samarali ijro hokimiyati
omili
Prezidentimiz milliy parlamentning oldingi tarkibi a’zolariga xuddi shu chorlov bilan chiqqandi. Qonunchilik palatasida o‘tgan davrda parlament nazoratining barcha shakllaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratildi.
So‘nggi besh yilda 75 ta parlament nazorati tadbiri amalga oshirildi. Jumladan, Byudjet ijrosi nazorati yuzasidan – 19 marta, Davlat dasturlari bajarilishi yuzasidan esa 17 marta “Hukumat hisobotlari” tinglandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga ko‘ra, Davlat byudjeti ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga kiradi. Ushbu muhim vakolat deputatlarimiz zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklashiga e’tibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu boradagi bir qator istiqbolli vazifalarni sanab o‘tdi.
Birinchidan, Qonunchilik palatasining Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirishning vaqti-soati keldi.
Ikkinchidan, Hukumatning Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlarini quyi palataga faqat Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birgalikda kiritish amaliyotiga o‘tish kerak.
Uchinchidan, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilishda parlament qo‘mitalari rolini oshirish muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchidan, hozirgi vaqtda birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning xarajatlari ustidan parlament nazorati deyarli sezilmayotganligi munosabati bilan yangi saylangan deputatlar ushbu masalaga alohida yondashishlari zarur.
O‘tgan besh yilda Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish, ya’ni “Hukumat soati” joriy etildi. Bunda Hukumatning 44 nafar a’zosi deputatlarning savollariga javob berdi. Quyi palata majlislarida hukumat a’zolari, davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan 29 ta axboroti eshitildi.
O‘tgan davrda mansabdor shaxslarga jami 72 ta parlament so‘rovi yuborildi. Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb masalalariga oid 805 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Shuningdek, mansabdor shaxslarga saylovchilar ko‘targan dolzarb masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtayi nazarini bayon etish talabi bilan 1 ming 378 ta deputat so‘rovi yuborildi.
Prezidentimizning taqdimiga binoan Hukumat a’zoligiga nomzodlarni Qonunchilik palatasining majlislarida ko‘rib chiqish va ularning dasturlari bilan tanishish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan davrda 92 nafar nomzod shu tartib-taomil asosida tegishli yuqori lavozimlarga ma’qullandi.
Yangi O‘zbekiston parlamenti diplomatiyasi
O‘zbekiston tashabbusi bilan keyingi yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va mintaqa doirasida bir qator yirik tashabbuslar ilgari surildi va xalqaro hamjamiyat ham bu tashabbuslarni keng qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘tgan davrda O‘zbekiston Prezidentining sa’y-harakatlari va tashabbuslari asosida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 ta rezolyutsiya qabul qilingani bu fikrni tasdiqlaydi.
Shu ma’noda, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong: “BMTning 75-yillik tarixida birinchi marta O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda milliy parlamentlarning rolini kuchaytirish haqidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston davlat hokimiyati uch tarmog‘i bilan samarali yo‘lga qo‘ygan amaliy hamkorligi boshqa davlatlarga o‘rnak bo‘lishga munosibdir”, deya e’tirof etgani bejiz emas.
Millat Sardorining jahon minbaridan ilgari surgan yana bir tashabbusi haqida muxtasar to‘xtalish joiz. Gap 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik to‘g‘risida”gi rezolyutsiya haqida bormoqda.
O‘shanda davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishidan keyin Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yuzma-yuz tabriklab, shunday degandi: “BMT Bosh Assambleyasida o‘zbek tilida so‘zladingiz. Ilk bor BMTning yuksak minbarida Imom Buxoriy nomi Sizning tilingizda jaranglagani ham muborak bo‘lsin. Islom – tinchlik dini”.
So‘nggi yillarning muhim natijalaridan biri shuki, O‘zbekiston parlamenti jahon parlament xaritasida munosib o‘rnini egalladi. Bu yo‘lda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlarning doimiy e’tibor markazida bo‘lishi zarur”, degan yo‘riqlari muhim dusturilamal bo‘lmoqda.
Milliy parlamentimiz dunyoning nufuzli xalqaro parlament tashkilotlarida faol ishtirok etmoqda, yangi tashabbuslar bilan chiqmoqda. Xususan, Parlamentlararo Ittifoq, YEXHTning Parlament Assambleyasi, Yevropa parlamenti, MDH Parlamentlar Assambleyasi, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi, Markaziy Osiyo Parlamentlari forumi shunday xalqaro va mintaqaviy hamkor parlament tashkilotlari qatoriga kiradi.
Prezidentimiz e’tirof etganlaridek, “O‘tgan davrda parlament diplomatiyasi va parlamentlararo aloqalar tashqi siyosatimizning ta’sirchan va pragmatik vositasiga aylandi”. O‘zbekiston Respublikasining “Parlament diplomatiyasi konsepsiyasi” qabul qilindi. Shu asosda xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro tashkilotlar bilan ko‘pqirrali hamda samarali hamkorlik aloqalari kengaydi, 58 ta parlamentlararo hamkorlik guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi 2025-yil aprelida Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Ma’lumki, 2023-yil sentyabrida poytaxtimizda ushbu nufuzli xalqaro tashkilot hamkorligida Ayol spikerlar forumi muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston parlamenti jahon parlamentarizmi darajasida o‘z ovozi va munosib o‘rniga ega. Buni parlamentimiz palatalari, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlat barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqqan holda mamlakatimizda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotda faol ishtirok etish asnosida, jahon davlatlari parlamentlari hamda xalqaro parlamentlararo tashkilotlar bilan yaqin amaliy hamkorlikda ishlagani ham yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Parlamentimizning to‘rtinchi chaqiriq deputatlari mamlakatimizning kelgusi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab bergan Asosiy qonunimizni yangi tahrirda tayyorlash va qabul qilishda jonbozlik ko‘rsatdilar va bu Yangi O‘zbekiston solnomasida yorqin tarixiy voqea sifatida muhrlandi”.
Taraqqiyot – muttasil rivojlanish, o‘sish v yuksalish, deganidir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari xalqaro parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, quyi palatada qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga uyg‘unlashtirish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni tezlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyalarini tashkil etish taklif qilindi.
Prezidentimiz nutqida parlament taraqqiyotining 8 ta ustuvor yo‘nalishi, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston parlamentining faoliyat dasturi ko‘rsatib berildi. Eng asosiysi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishning huquqiy asoslarini yaratish oldimizda turgan eng dolzarb vazifalardan biri etib belgilandi.
O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida yangi saylangan deputatlar qaysi masalalardagi qonun loyihalariga e’tibor qaratishlari zarurligini sanab o‘tdi. Prezidentimizning fikricha, shaharsozlik renovatsiyasi, ulush kiritish asosida uy-joy qurilishi, majburiy tibbiy sug‘urta, elektr energiyasining ulgurji bozori, fintex, startap va sun’iy intellekt kabi masalalarda qonunlar qabul qilishga zarurat bor.
Shu o‘rinda bir qiyosiy mulohaza: Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida so‘zlagan nutqi davlatimiz rahbari yaqinda nashr ettirgan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” nomli ikkinchi mualliflik kitobining kvitessensiyasi, ya’ni asar ma’nosining qaymog‘i, desam, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero ayni shu kitobda “Konstitutsiyamizda davlat hokimiyatining yagona manbai xalq ekanligi belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettiriladi”, degan qat’iy xohish-iroda bayon etilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Prezidenti o‘ttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega katta davlatning parlamenti a’zosi bo‘lishdek ulkan sharafga erishgan Qonunchilik palatasi deputatlarini el-yurtga ezgu xizmat qilish yo‘lida doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini qayd etdi. Davlatimiz rahbari qat’iy ishonch bildirganidek, “barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, sidqidildan mehnat qilib, jonajon Vatanimizni albatta tom ma’noda erkin, obod va farovon mamlakatga aylantiramiz”.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati
- Qo'shildi: 22.11.2024
- Ko'rishlar: 186
- Chop etish