YANGI O‘ZBEKISTON KONSTITUTSIYASI VA INSON HUQUQLARI SOHASIDAGI XALQARO MAJBURIYATLARGA SODIQLIK
Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan chuqur va keskin siyosiy va iqtisodiy ziddiyatlar davrida Yangi O‘zbekistonda tinch va farovon hayotni ta’minlash, inson sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilangan.
BMT va O‘zbekiston: inson huquqlari sohasida hamkorlik
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida faol ishtirok etib, jahon hamjamiyati uchun umumiy muammolarni muloqot va hamkorlik, madaniy-sivilizatsiyaviy, millatlararo va dinlararo o‘zaro hamkorlik orqali hal etishga intilmoqda. Mamlakatimiz xalqaro tashkilotlar doirasida xalqaro normalarni yaratish jarayonida faol ishtirok etmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ortiq maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Xalqaro maydondagi faol ishtiroki mamlakatning ilk bor tarixda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib saylanishiga hissa qo‘shdi. Ushbu Kengash doirasida O‘zbekiston tashabbusi bilan «COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga ta’siri» (2021-yil oktyabr), «Yoshlar va inson huquqlari» (2022-yil oktyabr) hamda «Har bir bolaga tinchlik va bag‘rikenglik ruhida sifatli ta’limni ta’minlash» (2023-yil oktyabr) rezolyutsiyalari qabul qilindi.
O‘zbekiston ilk marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.
Yurtimizda hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, qashshoqlikka qarshi kurash va iqlim o‘zgarishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, 2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston BMT tuzilmalari, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish masalalari bo‘yicha ham faol hamkorlik qilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi islohotlar va vaziyat bilan tanishish uchun BMT Bosh kotibi A.Gutterish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurk, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori J.Ungbo, Yevropa Ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili E.Gilmor, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori M. Mekachchi tashrif buyurdi.
O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan shartnomalarning bajarilishi bo‘yicha BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga o‘z vaqtida milliy ma’ruzalar taqdim etib kelinmoqda. Jumladan, 2023-yil davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan BMTning shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining:
- Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha birinchi milliy ma’ruzasi;
- Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiya bajarilishi bo‘yicha Oltinchi milliy ma’ruzasi;
- Universal davriy hisobot bo‘yicha To‘rtinchi milliy ma’ruzasi taqdim etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. XMT bolalar va majburiy mehnatni bartaraf etish bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini xalqaro miqyosda o‘rganish va qo‘llash uchun muvaffaqiyatli model sifatida ko‘rmoqda. Tashkilot ko‘magida O‘zbekistonda mehnat sohasida 40 dan ortiq normativ hujjat qabul qilindi, 22 ta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi. Ijtimoiy adolat tamoyillarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan, “Ijtimoiy adolat global koalitsiyasi” doirasida qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va inson huquqlari: xalqaro majburiyatlarga sodiqlik
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligiga oid tarixiy ahamiyatga ega norma belgilab qo‘yildi. Ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillari joriy qilindi, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun butunlay yangi mexanizmlar mustahkamlandi.
Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilganini hisobga oladigan bo‘lsak, hozirgi kunda bu huquqlarning 90 tasi mamlakatimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mavjud. Shundan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 25-moddasida rasman «o‘lim jazosi taqiqlanadi» deb aniq belgilandi. Bu bilan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning Ikkinchi fakultativ bayonnomasining talablari amalga oshirildi.
Birinchi marta qulay atrof-muhit huquqi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi. Mamlakatimiz 2018-yilda Parij kelishuviga qo‘shildi. Ekologik muammolarni hal qilish uchun bir qator dasturiy hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2019-2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi qabul qilindi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashi tashkil etilishi belgilandi.
Uy-joy huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini mustahkamlash maqsadida “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun 10 milliondan ortiq insonning muammolarini hal qilishga yordam beradi va mulk huquqini ta’minlash uchun huquqiy asos yaratadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 55-moddasida “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli” ekanligi belgilangan. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqini beradi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rolini oshirish, xususan, Konstitutsiyaning 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar to‘g‘risidagi qoidalarning mustahkamlanishi muhim demokratik qadamdir. “Bolalar ombudsmani to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Hozirda parlament tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi.
Fuqarolarning bepul yuridik yordam olish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan. Qonunga ko‘ra, kam ta’minlangan shaxslarga, ruhiy holati buzilgan jismoniy shaxslarga psixiatriya yordami ko‘rsatilayotganda, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi to‘g‘risidagi ishlarni sudlarda ko‘rish chog‘ida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Mamlakatda gender tenglikni, so‘z erkinligini, din erkinligini, qiynoqlarga qarshi kurashishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar qabul qilinmoqda. Ayniqsa, ayollarning huquqlarini himoya qilishga, ularga nisbatan har qanday stereotiplar va zo‘ravonliklarga barham berishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qiynoqlar va zo‘ravonlikning boshqa turlari konstitutsiyaviy darajada taqiqlangan. Konstitutsiyaning 26-moddasida qiynoqlar, zo‘ravonlik va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolar taqiqlangan. BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Nelson Mandela qoidalari milliy qonunchiligimiz va huquqiy amaliyotga tatbiq etilgan.
Shuni ta’kidlash mumkinki, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotiga doimiy ravishda tatbiq etib kelmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarining gender, inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi ekspertizasi amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasi faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston 2021-yilda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qildi, uning qoidalari “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi yangi qonunda o‘z aksini topgan. Mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, ularning jamiyatga integratsiyalashuvi, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.
«O‘zbekistan – 2030» strategiyasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.
Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ushbu sudyaga “Xabeas korpus” instituti bilan bog‘liq bir qator vakolatlar, jumladan: qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ularning muddatini uzaytirish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash vakolatlari berilmoqda. Shuningdek, sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, tibbiy muassasaga joylashtirish, qamoqda saqlash muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish kabi majburlov choralarini ham amalga oshirishi mumkin.
Inson huquqlari madaniyati va bag‘rikenglik
O‘zbekiston davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bu bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish hamda jamiyatda millatlararo, dinlararo totuvlikni mustahkamlashdir. Xususan, Konstitutsiyaning 19-moddasi asosida O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolarning bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi kafolatlanadi.
Mamlakatda millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30-iyul sanasi mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilingan va o‘ziga xos bayram sifatida keng nishonlanadi.
Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. Shuningdek, 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.
Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda, maktab o‘quvchilari davlat hisobidan darsliklar va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi. O‘zbekistonda 12 tilda televideniye va radio dasturlari efirga uzatiladi, 10 dan ortiq tilda gazeta va jurnallar nashr etiladi.
Yangi O‘zbekistonda ustuvor vazifalar sifatida jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish belgilandi. Yurtimizda inson huquqlarini himoya qilish va ta’limi samaradorligini oshirish, shuningdek, BMTning inson huquqlari bo‘yicha Jahon dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlar faol davom etmoqda. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim milliy dasturi amalga oshirilmoqda. Kasb-hunar va oliy ta’lim tizimida “inson huquqlari”, “ayollar huquqlari”, “bolalar huquqlari” o‘quv kurslari joriy etilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha qo‘llanma va risolalar doimiy ravishda nashr etilib, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim uchun elektron platforma ishga tushirildi.
Xozirgi davrda inson huquqlarini hurmat qilishni ta’minlashda biznes tuzilmalari bilan tajriba almashish va muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalari dolzarb ahamiyatga ega. Mamlakatda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili (Biznes-Ombudsman) ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, har yili 20-avgust Tadbirkorlar kuni o‘tkazilib, biznes vakillari bilan doimiy muloqot tashkil etilmoqda. Parlament tomonidan Tadbirkorlik kodeksi qabul qilish uchun tayyorlanmoqda. Qolaversa, «Biznes va inson huquqlari» milliy harakatlar rejasini qabul qilish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
BMT Bosh kotibining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat» tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish maqsadida mamlakatimizda o‘tgan yili Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75-yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Joriy yilda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiya qabul qilinganining 45-yilligini, Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi konvensiya qabul qilinganining 40-yilligini va Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 35-yilligini nishonlash choralari ko‘rilmoqda.
Shu yil iyun oyida Samarqand shahrida “Ekologik tahdidlar: o‘zgarayotgan dunyoda inson huquqlarining istiqboli va barqaror yechimlarni izlash” mavzusida Inson huquqlari bo‘yicha to‘rtinchi Forum o‘tkazildi. Qadimiy va hamisha navqiron shaharda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu nufuzli tadbirga allaqachon Samarqand forumi nomi berilgan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Samarqand Forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida 2018-yilda tashkil etilgan Inson huquqlari bo‘yicha birinchi Osiyo forumi jahon amaliyotiga o‘ziga xos “Samarqand ruhi”ni olib kirgani ta’kidlandi. Samarqand shahrida inson huquqlari sohasidagi eng dolzarb muammolarga bag‘ishlangan forumlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi.
Yangi O‘zbekistondan saylov tizimi
Joriy yil oktyabrida O‘zbekistonda parlament saylovi Konstitutsiyada belgilangan yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda bo‘lib o‘tdi. Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga saylovlar tarixda birinchi marta aralash, ya’ni majoritar-proporsional tizim asosida o‘tkazildi.
Bunda parlament quyi palatasi deputatlarining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha majoritar tizim (nomzod uchun ovoz berish), qolgan 75 nafari proporsional tizim bo‘yicha, ya’ni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida (partiya ro‘yxati asosida) saylandi. Qonunchilikda belgilanganidek, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlardan ayollar 40 foizdan kam bo‘lmasligi shartiga amal qilinganligi yaxshi natija ko‘rsatdi.
Saylov yangilangan Konstitutsiya mustahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda bo‘lib o‘tdi.
Bu jarayonlarda saylov qonunchiligi demokratik standartlarga muvofiq to‘liq takomillashtirilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, Markaziy saylov komissiyasi boshchiligida yangi saylov organlari tizimi joriy qilindi. Shuningdek, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy ko‘pchiligi ovozini olishi belgilandi. Saylov jarayonlarini o‘tkazishda “E-saylov” axborot tizimi faol qo‘llanilib, ushbu tizim orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshirildi.
Shunday qilib, 2024-yil 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovining o‘ziga xos jihatlaridan biri – saylovchilarning fuqarolik mas’uliyati va daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq. Yana bir muhim mezon: fuqarolarimizning Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovlari jarayoniga qiziqishining sezilarli darajada oshgani barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazilgan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda yaqqol sezildi.
Shuningdek, parlament saylovlarida aralash saylov tizimining joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Bularning barchasi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining amaliy ahamiyatidan dalolatdir.
Mirzatillo TILLABAYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari,
yuridik fanlar doktori, professor
- Qo'shildi: 29.11.2024
- Ko'rishlar: 572
- Chop etish