O‘zbekistonda “Inson huquqlari uyi” ochilmoqda (+video)

Prezident Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga yuklangan yana bir muhim topshiriq ro‘yobga chiqmoqda. Shu yil 3 dekabr kuni Milliy markazning Inson huquqlari bo‘yicha axborot-resurs markazi negizida yangi ma’rifat maskani – “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘ladi.

“Inson huquqlari uyi”ning ochilishi ikkita muhim sana doirasida o‘tkazilmoqda.

Bulardan biri – 8 dekabrda nishonlanadigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kundir. Yana biri Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingani munosabati bilan butun dunyoda 10 dekabr – Inson huquqlari kuni sifatida e’tirof etilgan xalqaro sanaga bog‘liq.

Taqdimotga 100 nafar ishtirokchi taklif etilgan. Xususan, faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari hozir bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, “Inson huquqlari uyi”ning  ochilishi tadbirini mamlakatimizning barcha hududlari markazlaridagi kutubxonachilar onlayn kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Behruz Xudoyberdiyev, Abror Sodiqov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA

Powered by GSpeech