2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Markaziy tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibi uchun shu mavzuda ma’naviyat va ma’rifat darsi o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari ishtirokida tashkil etildi.
Ma’naviyat darsi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlandi. Uni Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi M.Karimov, yetakchi mutaxassis A.Ahmedov hamda Milliy markaz bosh yuriskonsulti R.Atovulloyev olib bordi.
Tadbirda Markaziy tergov hibsxonasi shaxsiy tarkibiga yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida inson manfaatlari ustuvor etib belgilangan tamoyillarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Bunda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, o‘z navbatida, insonning qadr-qimmati, sha’ni va obro‘-e’tiborini joyiga qo‘yishdek yuksak ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi haqida so‘z yuritildi. Dars davomida, xususan:
· yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlarining aks etishi;
· inson qadr-qimmatini ta’minlashning asosiy tamoyillari va milliy qonunchilik;
· “O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi islohotlar;
· inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va ularning mamlakatimizda tatbiq etilishiga oid masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda inson huquqlari sohasidagi islohotlarni amalga oshirish borasidagi ilg‘or tajribalar xususida muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Murojaatlar bilan ishlashda samaradorlikni oshirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Ma’naviyat va ma’rifat darsi yakunida uning qatnashchilari inson qadrini himoya qilishning ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tadbir jonli muloqot va qizg‘in bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.12.2024
- Ko'rishlar: 502
- Chop etish