Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha jamoatchilik maslahatlashuvi

5-dekabr kuni Toshkentda BMT Universal davriy hisoboti doirasida O‘zbekiston Respublikasining To‘rtinchi milliy hisoboti ko‘rib chiqilishi yuzasidan olingan tavsiyalarni bajarish bo‘yicha milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvi o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.

Jamoatchilik maslahatlashuvida asosiy maqsad Universal davriy sharh doirasida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan tavsiyalarni samarali ijro etishga oid milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha keng jamoatchilik ishtirokida fikr almashish va olingan tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlarni ishlab chiqishga qaratildi.

Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, sud organlari va BMT vakillari – jami 30 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, umuminsoniy qadriyat hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun zarur shart ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston inson huquqlari tizimini mustahkamlash bo‘yicha faol ish olib borayotgani va bu jarayonda Universal davriy hisobot mexanizmi muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.

D.Muratova O‘zbekiston o‘z tavsiyalarini yo‘llagan barcha davlatlarga va ushbu tavsiyalarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlayotgan xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh tavsiyalarini Uchinchi sikl doirasida amalga oshirish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega ekaniga e’tibor qaratdi.  Tadbir asnosida 2020-yilda qabul qilingan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida nazarda tutilgan tadbirlarning 85 foizdan ortig‘i muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqida ham so‘z yuritildi.

Jamoatchilik maslahatlashuvi doirasida Universal davriy hisobot tavsiyalarining muayyan tematik mavzulari bo‘yicha ko‘rib chiqilayotgan qismi Milliy harakatlar rejasini to‘liq ishlab chiqishga katta yordam berishi, loyiha kelgusida parlamentning har ikki palatasining qo‘shma qarorlari bilan tasdiqlanishi haqida ma’lum qilindi.

O‘z navbatida, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner so‘zga chiqdi. U davra suhbatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sud organlari vakillarining ishtirok etayotgani muhimligini hamda Universal davriy hisobot doirasidagi tavsiyalarni amalga oshirish kabi muhim masalalarni muhokama qilishda inklyuziv yondashuvning ahamiyatini e’tirof etdi.

M.Bogner O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi yutuqlarini va xalqaro hamkorlikdagi ishlarni alohida ta’kidladi. Shuningdek, Universal davriy hisobot doirasidagi tavsiyalar va uning mexanizmlari orqali O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi ijobiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashning ahamiyatini qayd etdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, Universal davriy sharh masalalari bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Pavlo Byalik Universal davriy hisobot doirasidagi tavsiyalar mavzu yuzasidan tematik guruhlarga taqsimlanganligi haqida fikr yuritib, ularning maqsad va vazifalarini tushuntirdi.

P.Byalik mazkur jamoatchilik maslahatlashuvi Universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirishda milliy va xalqaro inson huquqlari va rivojlanish subyektlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish hamda birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali ushbu tavsiyalarni inson huquqlari bo‘yicha aniq natijalarga aylantirishga sezilarli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tavsiyalar bo‘yicha 4 ta tematik guruhlarga bo‘linib, muhokamalar o‘tkazdi. Birinchi guruhda – ta’lim sohasidagi, ikkinchisida – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlariga oid, uchinchi guruhda – xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha va to‘rtinchi guruhda – sog‘liqni saqlash sohasidagi tavsiyalarni amalga oshirish mavzulari muhokama qilindi.

Jamoatchilik maslahatlashuvi yakunida har bir guruhning moderatori tegishli mavzu yuzasidan muhim mexanizmlarni ishlab chiqishga qaratilgan takliflarni bildirdi. Shu asosda istiqboldagi amaliy choralar-tadbirlar belgilab olindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech