So‘z - “Inson huquqlari uyi” ochilishi ishtirokchilariga

Gulnora MA’RUFOVA – O‘zbekiston Respublikasi  Oliy Majlisi Senati a’zosi:

Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda “Inson huquqlari uyi” o‘z faoliyatini rasmiy ravishda boshlagani mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida juda katta ahamiyatga ega. Chunki “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi, avvalo, inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun zarur.

Qolaversa, mazkur ma’rifat maskani ochilgani nafaqat inson huquqlarini himoya qilish bilan qiziquvchilar, balki ushbu sohada o‘z malakasini oshirish va bilim darajasini yuksaltirish istagida bo‘lgan barcha yurtdoshlarimiz uchun ham nihoyatda muhim va qulaydir. Nega deganda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi negizida “Inson huquqlari uyi” bilan bir qatorda yirik axborot-resurs markazi ham ish boshladi.

Bu yerda inson huquqlarini himoya qilish sohasiga savodli yondashish borasida hamma shart-sharoit muhayyo. Ya’ni, bunday nozik va muhim masala bilan shug‘ullanish uchun zamonaviy bilimlarni egallash imkonini beradigan zarur adabiyotlar, turli tillardagi kitoblar, sohaga tegishli milliy va xalqaro ahamiyatga ega huquqiy hujjatlar jamlangan.

Ancha yillardan buyon oila va xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanib kelaman. Mamlakatimizda sog‘lom oilani shakllantirish, bu maskanda yuksak ma’naviy-axloqiy muhitni qaror toptirish uchun sharoit yaratish hamda sog‘lom bola tug‘ilishi va uni tarbiyalash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani har birimizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda salmoqli ishlar qilindi. Sohani ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashmoqda va mustahkamlanmoqda. Aminmanki, ayni shu muhim ijtimoiy-siyosiy va huquqiy-ma’rifiy jarayonlarda endilikda “Inson huquqlari uyi” ham munosib hissa qo‘shadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech