Mustaqil davlatimiz madhiyasi qanday yaratilgan?

10-dekabr – O‘zbekiston Respublikasining

Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

 

Mustaqil yurtimiz davlat ramzlarini ishlab chiqish jarayonlari istiqlolga erishishdan ancha oldin boshlangan. Shu nuqtayi nazardan, mazkur jarayonni O‘zbekiston Respublikasi birinchi Konstitutsiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi jarayonlari bilan uzviy bog‘liq holda, quyidagi uch davrga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq.

Birinchi davr – O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan vaqtda davlat suvereniteti ramzlarining tiklanishi va ular shakllarini ishlab chiqish jarayonidan boshlanadi.

Ikkinchi davr – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi e’lon qilingan 1991-yil 31-avgust sanasidan boshlanib, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun, ya’ni 1992-yil 8-dekabrgacha davom etadi.

Uchinchi davr – O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan kundan boshlanadi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi va Davlat madhiyasining ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishi jarayoni ikki yarim yildan ko‘proq muddatni va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan to‘rtta bosqichni o‘z ichiga oladi.

Birinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab chiqishga tayyorgarlik jarayonlarini o‘zida qamraydi. Xususan, O‘zbekiston Davlat gimni to‘g‘risidagi masala o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Sovetning 1990-yil 24-31-mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasi kun tartibiga kiritilgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Bu bosqichda 1990-yil 31-martda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi hamda 1991-yil 15-fevralda «O‘zbekiston Davlat bayrog‘i va Davlat gerbi emblemalarini ishlab chiqish to‘g‘risida»gi parlament qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Oliy Kengashining 1990-yil 15-fevraldagi qaroriga muvofiq, Konstitutsiyaning yangi loyihasini tayyorlovchi komissiyaga yangi Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga doir takliflar hamda ular to‘g‘risidagi nizomlar tayyorlash vazifasi yuklatildi.

Bunda keng jamoatchilik va deputatlar fikriga tayanish, loyihalar yuzasidan xalq muhokamalari uyushtirish tavsiya etildi. Shu bilan birga, Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasini qabul qilish yuzasidan komissiya tuzildi, uning ekspertlar guruhi tasdiqlandi.

Davlat madhiyasini qabul qilish bo‘yicha tuzilgan ekspert komissiyasi safidan taniqli artistlar, davlat mukofoti sovrindorlari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari I.Akbarov, R.Abdullayev, S.Jalil, M.Burxonov, U.Musayev, B.Umidjonov joy oldi.

Ikkinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Davlat ramzlarini ishlab chiqish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish davri. Davlat ramzlari loyihalari tanlovi borasidagi amaliy tayyorgarlik ishlari 1991-yil 11-fevralda boshlab yuborilgan bo‘lsa, o‘sha yilning iyun oyidayoq Davlat bayrog‘i va gerbi loyihasiga dastlabki tanlov e’lon qilindi. Tegishli komissiyalar eng yaxshi madhiya matni bo‘yicha ham tanlov e’lon qildi va bu ishga mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik jalb etildi.

O‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Sovetning 1990-yil 24-31-mart kunlari bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasi majlisida ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston kompartiyasi markaziy komitetining sekretari, deputat J.Hamidov axborot berib, O‘zbekiston Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi masala mehnatkashlarning juda ko‘p xatlari va takliflariga binoan respublika xalq deputatlarining muhokamasiga havola etilayotganini ta’kidladi.

Bu masala paydo bo‘lishining boisi nimada? Sessiyada ta’kidlanganidek, avvalambor, u hayotning murakkab va keskin iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy muammolaridan, milliy ongning tezkorlik bilan o‘sib borayotganligidan kelib chiqdi.

Madhiya mustaqil davlatning belgisi, hamdu sanosi va ayrilmas nishonasidir. O‘zbekiston SSRning birinchi gimni 1947-yilda yaratilgan, matn muallifi Temir Fattoh, musiqa muallifi Mutal Burhonov bo‘lgan. 1978-yilda gimnning matni qisman tahrir qilinib, qaytadan tasdiqlangan. O‘sha gimn matni mualliflari – Temir Fattoh bilan Turob To‘la, musiqasi muallifi esa Mutal Burhonov bo‘lgan.

J.Hamidov «Gimn mazmunining yangilanishi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritiladigan o‘zgarishlar, ya’ni jamiyatning siyosiy asoslari va Kommunistik partiyaning o‘rni haqidagi moddalarga ham bog‘liq» ekanini qayd etgan.

Bu masala O‘zbekiston kompartiyasining mafkura komissiyasida ko‘rib chiqilib, Oliy Sovetning tegishli komissiyalari O‘zbekiston Davlat gimnining matni va musiqasini yaratish borasidagi tashkiliy ishlarni boshlashi tavsiya etilgan hamda quyidagi takliflar kiritilgan: «Shu ishlar nihoyasiga yetganda Gimnning yangi matni xalq muhokamasi uchun e’lon qilinsin. So‘ngra respublika Oliy Sovetining sessiyasiga kiritilsin. U O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasining 180-moddasi asosida O‘zbekiston Oliy Soveti tomonidan tasdiqlanishi kerak».

Deputatlar o‘shanda bu borada taqdim etilgan quyidagi qaror loyihasini qabul qilgan: «O‘zbekiston Oliy Sovetining Madaniyat, fan va xalq ta’limi, madaniy merosni asrash, Millatlararo munosabatlar, til va baynalmilal tarbiya masalalari doimiy komissiyalariga O‘zbekiston Davlat gimnining yangi matni va musiqasini tayyorlash ishlarini tashkil etish topshirilsin. Davlat gimni yangi matn va musiqasining loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yish uchun e’lon qilinsin».

Uchinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi loyihalarining umumxalq muhokamasini tashkil etish. Ushbu jarayonda fuqarolar va mutaxassislar tomonidan taklif etilgan Davlat bayrog‘i va gerbi emblemalarining variantlari, madhiya matni hamda musiqasi matbuotda yoritilib, umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Davlat ramzlarini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiya muhokama davomida barcha viloyatlardan ko‘plab maktublar, xilma-xil loyihalar, taklif va istaklar bitilgan xatlar oldi. Muhokamalarda turli kasb egalari, yoshu qari faol qatnashdi.

To‘rtinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Davlat ramzlari bo‘yicha tanlov va umumxalq muhokamasi natijalarining Oliy Kengashda umumlashtirilishi. Bu o‘rinda, avvalambor, Davlat ramzlari bo‘yicha tanlov va umumxalq muhokamasining dastlabki olti oy ichida erishilgan natijalari Oliy Kengashning 1991-yil 31-avgustda ish boshlagan oltinchi sessiyasida ko‘rib chiqilganini ta’kidlash lozim.

Shu bilan bir qatorda, Davlat madhiyasining she’riy matni va musiqasini tayyorlash uchun Oliy Kengash deputatlari ijodkor ziyolilar bilan hamkorlikda ikki yarim yil davomida ish olib bordi. Ushbu davr ichida Davlat madhiyasi she’riy matnining tanlovida 60 dan ortiq shoirlar, musiqa tanlovida 30 ga yaqin kompozitorlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 8-10-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan o‘n birinchi sessiyasida mustaqil davlatning Asosiy Qonuni bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi moddama-modda muhokama etildi va qabul qilindi. Konstitutsiyamizning 5-moddasida: «O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega», degan konstitutsiyaviy qoida muhrlab qo‘yildi.

Jahon davlatlari emblemalarining Konstitutsiyada tasdiqlanishi, albatta, mohiyat jihatidan bir-biridan farq qiladi:

birinchidan, AQSH, Yaponiya, Shvetsiya, Gretsiya kabi bir qator davlatlarning Konstitutsiyalariga davlat emblemalari to‘g‘risida biror modda kiritilmagan;

ikkinchidan, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Gruziya singari davlatlarda davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasi Konstitutsiya hamda konstitutsiyaviy qonunlarda mustahkamlangan;

uchinchidan, ko‘pgina davlatlar Konstitutsiyalarida davlat emblemalarining tavsifi maxsus modda bilan tasdiqlangan. Xususan, Ozarbayjon, Jazoyir, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Turkiya, Estoniya kabi davlatlarning Konstitutsiyalari moddalarida – faqat bayroq; Avstriya, Armaniston, Kuba, Litva, Moldova, Polsha singari davlatlarning konstitutsiyaviy moddalarida esa bayroq va gerbning tavsifi berilgan;

to‘rtinchidan, shunday Konstitutsiyalar ham borki, ularda davlat emblemalari alohida bo‘lim yoki boblarda belgilanadi. Misol uchun, Xitoy Konstitutsiyasining 4-bo‘limi, Eron Konstitutsiyasining 2-bobi ayni shu mavzuga bag‘ishlangan.

Ushbu sessiya majlisida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi haqidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu borada axborot bergan atoqli adib P.Qodirov, jumladan, quyidagilarni qayd etdi: «Davlat madhiyasi O‘zbekiston mustaqilligini ma’naviy jihatdan butun jahon oldida tasdiq etadigan, xalqimizning o‘ziga xos milliy g‘ururini ifoda qiladigan juda muhim omil hisoblanadi... Davlat bayrog‘i va Davlat gerbini tayyorlashda biz butun ijod sohasi, tasviriy san’at namoyandalari bilan ish olib borgan edik... Bu haqda men gazetalardagi maqolalarda aytganman... Mana shu bizning izlanishlarimiz natijasida 3 ta variantdan iborat Davlat madhiyasi sizlarning bugun muhokamangizga kiritilyapti. Ularni biz gazetalarda... radio, televideniyelarda e’lon qildik».

P.Qodirov Davlat madhiyasi variantlarining magnit lentasiga yozilganini deputatlarga qo‘yib berishdan oldin madhiya janrining umumiy mazmun-mohiyati, shuningdek, Davlat madhiyasiga jahon miqyosida qo‘yiladigan talablar haqida to‘xtaldi. «Davlat madhiyasi qo‘shiq kabi faqat milliy cholg‘u asboblaridagina ijro etilsa, O‘zbekiston hududidan tashqarida, masalan Yevropa yoki Osiyo mamlakatlarida uni ijro etadigan cholg‘u asboblari topilmay qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, davlat madhiyalari barcha madaniy mamlakatlarda bor bo‘lgan simfonik va duxovoy orkestrlarda xor ishtirokida ijro etiladi. Musiqa shu talablarga moslab yoziladi... «Cho‘li iroq»ni, «Munojot»ni madhiya qilsak degan taklif tushdi. Lekin bu yaxshi ko‘rgan, go‘zal kuylarimizni boshqa mamlakatlarda ijro etib bo‘lmasligini o‘zlaringiz tasavvur eta olasizlar. Albatta, O‘zbekiston Davlat madhiyasida milliy ruh, milliy jarang bo‘lishi kerak... Davlat madhiyasi bizning xalqimizga xos jozibali, milliy ohanglarni boshqa davlat xalqlariga ham yetkazib beradigan umuminsoniy saviyada yozilishi zarur», dedi P.Qodirov.

Shu o‘rinda Hindiston, Turkiya, Pokiston kabi bir qator davlatlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini kutib olganlarida Mutal Burxonov yozgan madhiya musiqasi qanday jaranglaganini yurtdoshlarimiz bevosita yoki radio-televideniye orqali ko‘rib-eshitgani misol keltirildi.

«Har eshitganimizda dilimizda milliy tuyg‘u uyg‘onganini sezganmiz, chunki shu O‘zbekistonga xos ohanglar juda jaranglaydi», deb so‘zida davom etdi P.Qodirov. «Bunday fazilatlar biz taqdim etayotgan har uch madhiyada ham bor. Baxtiyor Aliyev musiqasi, Abdulla Oripov she’ri; Mirpo‘lat Mirzo she’ri, Rustam Abdullayev musiqasi va Abdulla Oripov she’ri... Mutal Burxonovning harakatdagi musiqasi. Har uchala variantda ham Vatanga muhabbat, istiqlolni ulug‘lash, kelajakka ishonch ruhi yangrab turibdi... saylovchilarimiz, jamoatchilik vakillari turli viloyatlardan, tumanlardan yuborgan fikr-mulohazalarini ham inobatga olganmiz. Yuzlab odamlar o‘z munosabatlarini bildirgan».

Raislik qiluvchi birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovga so‘z berdi. Abdulla Oripov Davlat madhiyasi she’riy matnining o‘zi yozgan ikki variantini o‘qib eshittirdi.

Birinchisi, ko‘p yillar «Bahor» ansambli uchun jozibali milliy kuylar yozib, tajriba orttirgan kompozitor, sobiq SSSR Davlat mukofoti sovrindori Baxtiyor Aliyev musiqasiga she’riy matn:

  

«Ming yillar qa’ridan kelar karvoning,

Haq yo‘lga boshlaydi odil imoning,

Jahonda yagona O‘zbekistonsan

Ma’rifat, iste’dod bo‘lg‘ay sarboning.

Oqar daryolaring hayqirib oqsin,

Quyoshdek porlagan baxt kulib boqsin,

Do‘stga do‘st, bag‘ri keng, yashnagan diyor

Senga ham toabad tangri bo‘lsin yor.

Vatanga posbondir farzandlar hushyor,

Istiqlol sen uchun mangu barqaror,

Inon o‘z kuchingga O‘zbekistonim.

Qudratli ajdodlar ruhi senga yor.

Oqar daryolaring hayqirib oqsin

Quyoshdek porlagan baxt kulib boqsin,

Do‘stga do‘st, bag‘ri keng, yashnagan diyor

Senga ham toabad tangri bo‘lsin yor».

 

Ikkinchisi, mashhur bastakor Mutal Burxonovning elga tanish musiqasiga yozilgan madhiya matni:

 

«Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,

Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!

Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,

Shuhrating porlasin toki bor jahon!

 

Oltin bu vodiylar – jon O‘zbekiston,

Ajdodlar mardona ruhi senga yor!

Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,

Olamni mahliyo aylagan diyor!

 

Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,

Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!

Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,

Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!

 

Oltin bu vodiylar – jon O‘zbekiston,

Ajdodlar mardona ruhi senga yor!

Ulug‘ xalq kudrati jo‘sh urgan zamon,

Olamni mahliyo aylagan diyor!».

 

So‘ngra shoir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi Mirpo‘lat Mirzo o‘zining taniqli bastakor, ko‘plab yosh kompozitorlar tanlovlarining sovrindori Rustam Abdullayev musiqasiga yozgan she’riy matnini o‘qib berdi:

 

«Uyg‘onar cho‘qqilar ustida oftob,

Yam-yashil vodiyga sochib oltin nur,

O‘zbeklar yurti bu – navqiron, ozod

Zaminda muzaffar o‘lkasan, mag‘rur.

Qo‘llarni qo‘llarga ozod vatan uchun beraylik,

Ellardan ellarga hur diyor sifatin taraylik.

So‘nmas ruhimizda matonat aslo

Turkiston naslimiz merosdir bardosh,

Azaldan qalblarda o‘chmagan ziyo

Barhayot siymolar senga bo‘ldi bosh.

Qo‘llarni qo‘llarga ozod vatan uchun beraylik,

Ellardan ellarga hur diyor sifatin taraylik.

Bizni tangri qo‘llar, dunyolar chorlar,

Tark etmas istiqlol endi umrbod,

Qalblarda hayotga muhabbat porlar,

Muqaddas tuproqni eturmiz obod,

Qo‘llarni qo‘llarga ozod vatan uchun beraylik,

Ellardan ellarga hur diyor sifatin taraylik».

 

Shundan keyin deputatlar har uchala matn variantini musiqalari bilan birga tinglaydi. Muzokaralarda Abdulla Oripov she’ri va Mutal Burxonov musiqasi asosida yaratilgan Davlat madhiyasini qabul qilish borasida aniq bir to‘xtamga kelindi. Tanlovda ishtirok etgan muqobil madhiya variantlari mualliflarini ham munosib taqdirlash to‘g‘risida kelishib olindi.

Sessiya yakunida ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi deputatlar tomonidan birgalikda ijro etildi. Mazkur sessiyada, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.

Oliy Kengashning 1992-yil 10-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi qarorida ushbu Qonun bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi 1992-yil 10-dekabrdan qonunda ko‘zda tutilgan hamma joyda ijro etilishi belgilab qo‘yildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Soveti Rayosatining 1978-yil 18-martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gimni to‘g‘risida»gi va 1985-yil 29-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat gimni to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi farmonlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblandi.

Shunday qilib, bir tomondan, davlat ramzlari jamiyat va davlat o‘rtasidagi o‘zaro ijtimoiy kelishuv ramzi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ozod va obod Vatanni bunyod qilish g‘oyasi atrofida butun jamiyat kuchlarini birlashtira oladigan qudratli quroldir. O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining yaratilishi jarayonlari esa, shubhasiz, yurtimizda konstitutsiyaviy mustaqillikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlar hisoblanadi.

 

Akmal Saidov va G‘ulom Mirzoning

“Sen bahorni sog‘inmadingmi?” nomli

kitobidan olindi

Powered by GSpeech