O‘ZBEK TARJIMASHUNOSLIK MAKTABI ASOSCHISI

11-dekabr – O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor

G‘aybulla Salomov tavallud topgan kun

 

 

“Yurtimizning barcha hududlari kabi Navoiy viloyatida ham butun hayotini xalqimiz uchun kitoblar, badiiy asarlar yozishga bag‘ishlagan fidoyi insonlar ko‘p. Masalan, Toshpo‘lat Hamid, G‘aybulla Salomov, Oydin Hojiyeva, Odil Hotamov, Ashurali Jo‘rayev, Qodir Jo‘raqulov kabi taniqli shoir va yozuvchilar, ilm-fan va madaniyat namoyandalarini yurtimizda ko‘pchilik yaxshi biladi”[1].

 

Shavkat MIRZIYOEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 

Yurtimizdagi ko‘pchilik jurnalist va tarjimonlar, olim va adiblarning ustozi – atoqli olim hamda hassos publitsist G‘aybulla Salomov (taxallusi: G‘aybulloh as-Salom) bilan XX asrning 80-yillarida, Til muammolarini o‘rganish va xalq bayramlari hamda marosimlarini tiklash yuzasidan tuzilgan komissiya tarkibida birga faoliyat yuritgan davrimizda bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lganman.

G‘aybulla Salomov o‘sha vaqtlarda, yanada aniq qilib aytganda, 1982-yilda filologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1984-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan. Domla 1993-yili yuksak davlat mukofoti – “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoni bilan taqdirlangan.

“Yaxshidan bog‘ qoladi”, deydi xalqimiz. Yaxshi olimdan-chi? Albatta, avvalambor, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, aqlu zakovatini, ta’bir joiz bo‘lsa, butun umrini sarflab yaratgan o‘ziga xos ilmiy maktabi qoladi. Ustoz G‘aybulla Salomov o‘zidan ayni shunday maktab qoldirgan mavlono zotlardandir[2].

O‘zbek olimi sobiq tuzum davridayoq asos solgan tarjimashunoslik maktabining dovrug‘i nafaqat yurtimiz, balki dunyo miqyosida, xususan, Fransiya, Bolgariya, Slovakiya, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Ukraina, Armaniston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston mamlakatlari ilmiy doiralarida e’tirof etilgan.

Yana bir ahamiyatli jihat – G‘aybulla Salomov rus, tojik, ozarboyjon tillarida yoza olgan va shu tillarda maqolalar chop ettirgan. Domlaning xorijiy davlatlarda doimiy aloqada bo‘lgan hamkasblari, do‘stlari ham ko‘p bo‘lgan.

Chindan ham, “G‘aybulla Salomovning o‘zbek tarjimashunosligi maktabi” deya nom olgan ilmiy maktab mamlakatimiz, hattoki jahon ilm-fani ravnaqida beqiyos o‘ringa ega. Bu maktab istiqlol yillarida adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik va tarjimachilik sohalari taraqqiyotiga ayniqsa munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Taniqli olimlar Abduzuhur Abduazizov va Najmiddin Komilov o‘z davrida haqli ravishda e’tirof etganidek, G‘aybulla Salomovning ilm-fan rivoji yo‘lidagi samarali xizmatlari tufayli tarjimashunoslik — ikki tildagi matnni chog‘ishtirish yoki bir tildagi ma’noning ikkinchi tilda aks etishini aniqlashgina emas, balki o‘zbek tilining salohiyati, boyligi va imkoniyatlarini ko‘rsatish, jahon adabiyotini milliy zaminda qayta yaratish ekani tan olinib, tarjimashunoslik shu jarayonni umumfilologik aspektda tadqiq qiladigan fan ekanligi aniqlandi. Tarjima Vatan adabiyotini boyitish, o‘zaro ma’naviy qadriyatlar, fikr-g‘oyalar almashish vositasi, tarjimon esa chinakam ijodkor adib deb qaraladigan bo‘ldi[3].

Domlaning bevosita sa’y-harakatlari bilan o‘sha paytdagi ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) negizida sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib “Tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi tashkil etilgandi.

G‘aybulla Salomov mamlakatimizda eng ko‘p shogirdlar tarbiyalagan zahmatkash olimlardan biridir. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, domlaning ilmiy rahbarligida 57 kishi fan nomzodi, 5 kishi fan doktori bo‘lgan. Ular orasida mamlakatimizning ko‘zga ko‘ringan fan va madaniyat xodimlari, jamoat arboblari bor[4].

Ustozning badiiy tarjimachilik va tarjimashunoslikka doir ilmiy-nazariy asarlari kutubxonalarda, Internet sahifalarida faol izlab-topib o‘qilayotgan nashrlar sirasiga kiradi.

Jumladan, «Maqol va idiomalar  tarjimasi» (1961), «Til va tarjima» (1966), «Tarjima nazariyasiga kirish» (1978), «Do‘stlik  ko‘priklari» (1970,  N.Komilov  bilan  hamkorlikda), «Adabiy  an’ana  va  badiiy  tarjima» (1980), «Tarjima nazariyasi asoslari» (1983) kabi kitoblari tadqiqotchilar, o‘qituvchi va talabalar uchun muhim hamda qiziqarli manbalar hisoblanadi.

Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin. Ya’ni, olim bo‘laman degan kishiga naqadar katta talablar qo‘yilishini, xususan, undan tom ma’noda ilmli va izlanuvchan, mehnatsevar va kamtar, halol va xolis, jonkuyar va fidoyi, sodiq va vatanparvar bo‘lish talab etilishini bilamiz. Ammo, odam bo‘lish uchun bu fazilatlarning o‘zigina hali yetarli emas.

Aytmoqchimanki, G‘aybulla aka avvalo o‘zlari ulug‘ alloma va pokiza qalbli zot sifatida umr bo‘yi talaba-yu shogirdlariga tarjima nazariyasi va amaliyoti darsi bilan bir qatorda, insoniylik, odamiylik va odamoxunlikdan saboq berdilar. Bundan ming yillar ilgari Abu Ali ibn Sino “Yaxshi inson – yerdagi farishta”, degan ekan. Bu aynan G‘aybulloh as-Salomga mos va xos ta’rifdir.

Domla mohir tarjimon va munaqqid, publitsist va shoir ham edi. Buni u kishining G‘aybulloh as-Salom taxallusi bilan bitilgan “Ey, umri aziz”, “Armon”, “Vahiydan kelar bir sado”, “Tolibnoma”, “Ezgulikka chog‘lan, odamzod”, “Halollik bozorda sotilmaydi”, shuningdek, “Jahongashta “Boburnoma” (N.Otajonov bilan hammualliflikda) kabi ma’naviyat va  ma’rifat, tarix  va madaniyat masalalariga oid bir qator asarlari yaqqol tasdiqlaydi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida ustoz G‘aybulla domla bilan yana ko‘rishib, bir muddat muloqotda bo‘lish imkoni tug‘ilgan edi. O‘shanda  domla Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tinglovchilariga islom huquqidan dars berayotganimni so‘rab bilgach, “Juda to‘g‘ri, adolat posbonlari bugun qabul qilinayotgan qonun hujjatlarini ham, olis moziydagi fiqh va shariat arkonlarini ham o‘zlashtirgani maqbul”, degan edilar.

So‘ngra ustoz portfellaridan yangi chiqqan uchta kitobini olib, har biriga alohida qunt, mahorat va mehr bilan dastxat bitib berganlar. Bugun kitobxon, kitob va kutubxona mavzusida so‘z ochilsa, shaxsiy kutubxonamda taniqli olim va adiblarning dastxati yozilgan yuzdan ortiq nodir kitob borligini faxr bilan aytaman. Shu kitoblar orasida ustoz G‘aybulloh as-Salomning shaxsan tuhfa etgan kitoblari men uchun nihoyatda mo‘tabardir. 

Hozirgi davrda “G‘aybulloh as-Salom Istiqlol uchun nima berdi?” degan savolga muxtasar xulosalarimni bayon etish bilan kifoyalanaman.

Avvalo, G‘aybulla Salomovning milliy madaniyat va ilm-fan taraqqiyotiga, demakki milliy mustaqilligimizga qo‘shgan katta ulushi – ushbu olimning o‘zbek tarjimashunosligi maktabini asoslab, bu ilm sohasini ham nazariy jihatdan puxta ishlab chiqqani, ham uni tahsil-ta’lim jarayoniga amaliy tatbiq etganidir. 

Shuningdek, G‘aybulla Salomov avvalboshda lug‘atchilik va qomuschilik masalalariga doir yetuk ilmiy ishlar yozgan bo‘lib, keyin shu asosda Ibrohim Mo‘minovdek zabardast alloma bilan yelkama-yelka turib, dastlabki milliy qomusimiz tamal toshini qo‘yganlardan biri bo‘ldi.

Bundan tashqari, sobiq tuzum davrida qirg‘in-qatag‘on qilingan Abdulla Qodiriy, Sanjar Siddiq, Abdulhamid Cho‘lpon, Mirzakalon Ismoiliy, Mirtemir, Maqsud Shayxzoda, G‘afur G‘ulom kabi ziyolilarimizning tarjima merosi G‘aybulla Salomovning ko‘pyillik mehnati tufayli o‘rganildi va bu adiblarning tarixiy xizmati munosib taqdirlandi.

 

Shu kabi xayrli ishlarning aksariyati Istiqlolga erishishimizdan oldin, mustamlaka zamonida domlaning partiyasizligi, kommunistik partiyaga kirishni istamagani tufayli boshiga tushgan savdolarga qaramay, sabot va matonat bilan ro‘yobga chiqargan sa’y-harakati natijalariga ayrim misollar, xolos...

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillarida professor G‘aybulloh as-Salom umrining qolgan qismini navqiron avlodga, bo‘lg‘usi rahbar kadrlarga ma’ruzalar o‘qish va ma’naviy-ma’rifiy asarlar yozishga bag‘ishladi. Xususan, ustozning so‘nggi kitoblaridan birida shogirdlariga, komillikka intilayotgan barcha yoshlarga mana bunday  nasihati joy olgan:

 «Bilgan qadar bil. Bilganingni yaxshilikka sarfla. Yovuz, fosiq, nobakor, sotqin, xudosiz, qalbi qulflangan odamlardan yiroq yur. Zolim, nopok, qotil, munofiq, xudbin kimsalar bilan ulfatchilik qilma. Hech qachon o‘z Robbing marhamati va rizq-shafqatidan noumid qolma. Tilingni yolg‘on bilan bulg‘ama. Tuhmatga dohil va kafil bo‘lma. Haromdan hazar qil. Seni oq yuvib, oq taragan Vataning, xalqing, ota-onangni rozi qil”.

 

Akmal Saidov,

akademik

 

G‘ulom Mirzoning “Sallamno, Istiqlol

(G‘aybulloh as-Salom olamiga sayohat)” nomli

kitobiga so‘zboshidan olindi (Toshkent, 2022).

 

[1] Mirziyoyev, Shavkat. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Toshkent: “O‘zbekiston” NMIU, 2019. –115-bet.

[2] Akmal Saidov. Vataningni rozi qil // “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2016-yil 16-dekabr.

 [3] Qarang: «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007-yil 41-soni.

[4] Akmal Saidov. Vataningni rozi qil // “Hurriyat” gazetasi, 2016-yil 16-dekabr.

Powered by GSpeech