2026-yil 30-iyul kuni Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Umummilliy birdamlik — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchi!” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita tashabbusi bilan tashkil etilib, unda olimlar, ekspertlar, davlat organlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari, milliy madaniy markazlar hamda konfessiyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirning rasmiy ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi X. Sultonov so‘zga chiqib, Davlat rahbarining konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini o‘qib eshittirdi. Murojaatda umummilliy birdamlik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili sifatida alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab, mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shayotgani yuksak qadrlandi.
Keyingi yillarda “Bizning kuchimiz – birlik va hamjihatlikda” degan ezgu g‘oya asosida millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikning o‘ziga xos ibratli modeli yaratilgani qayd etildi. Bu borada 10 ta normativ-huquqiy hujjat, jumladan, Millatlararo munosabatlar sohasida davlat siyosati konsepsiyasi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi. Konferensiyaning kirish qismida bir qator rasmiy shaxslar tabrik va kirish so‘zlari bilan ishtirok etdi: Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi
K. Sariyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori A. Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi U. Shermatov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi S. Toshboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi direktori F. Abduxoliqov.
Kirish so‘zi bilan ishtirok etgan A. Saidov o‘z nutqida konferensiya ishtirokchilarini 30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi hamda forumni tashkil etgan qo‘mita va hamkor tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi. U mamlakat rahbari tomonidan ilgari surilgan insonparvar g‘oyalar, jumladan “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” tamoyili hamda Konstitutsiyaning 8-moddasida mustahkamlangan “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” degan normaga to‘xtaldi. Ma’ruzachi Prezidentning Navro‘z va 9-may munosabati bilan bildirgan murojaatlaridan iqtiboslar keltirib, milliy birlik va hamjihatlikning mamlakat barqarorligi uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi.
A.Saidov shuningdek, 2023 yilgi yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyillarining konstitutsiyaviy maqomga ko‘tarilgani, O‘zbekistonning BMT strukturalari bilan hamkorligi, jumladan joriy yilning aprel oyida Jenevada BMT Irqiy kamsitishni tugatish qo‘mitasida mamlakat hisobotining yuqori baholanganini alohida qayd etdi.
Ochilish qismi doirasida Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya ishi uchta yo‘nalish — sho‘balar bo‘yicha davom etdi. Birinchi sho‘bada “Yangi O‘zbekistonda umummilliy birdamlik hamda millatlararo totuvlikning mustahkamlanishi” mavzusida ilm-fan, tarixiy meros va bag‘rikenglik masalalariga oid ma’ruzalar tinglandi. Ikkinchi sho‘bada “Xalq diplomatiyasining tashqi siyosatdagi o‘rni va vatandoshlar bilan hamkorlik munosabatlari” mavzusi muhokama qilinib, raqamli dunyoda millatlararo totuvlik, birodar shaharlar aloqalari hamda vakillik demokratiyasi masalalariga to‘xtalindi. Uchinchi sho‘ba “Millatlararo totuvlik va do‘stlik: yangi davr va istiqboldagi rejalar” mavzusidagi munozaraga bag‘ishlanib, unda turkman, koreys, rus, ozarbayjon, nemis, arman va grek milliy madaniy markazlari rahbarlari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Konferensiya davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslar, institutsional mexanizmlar, ta’lim va tarbiya sohasidagi yutuqlar, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni hamda mamlakatning xalqaro maydondagi faol hamkorligi kabi mavzular har tomonlama yoritildi. Ishtirokchilar umumiy fikrga ko‘ra, O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik nafaqat tarixiy meros, balki mamlakat kelajagi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyat ekanligini ta’kidladilar. Har bir sho‘ba yakunida savol-javob va xulosaviy muhokamalar tashkil etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
