Joriy yil 20 noyabrdan 20 dekabrga qadar mamlakatimizda Inson huquqlari oyligi bo‘lib o‘tdi. Oylik qanday o‘tkazilgani haqida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev ma’lumot berdi:
– Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan oylik doirasida o‘tkazilgan ma’rifiy-huquqiy va xalqaro tadbirlarning barchasi BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi 45 yilligi, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning 40 yilligi hamda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 35 yilligiga bag‘ishlandi.
Xususan, milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi xodimlari va O‘zbekiston jazoni ijro etish tizimi tibbiyot xodimlari uchun Istanbul protokoliga muvofiq ishlab chiqilgan qiynoqlarni va boshqa shafqatsiz munosabatlarni sud-tibbiy hujjatlashtirish tartibi” mavzusida trening o‘tkazildi.
18-22 noyabr kunlari mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro sudya va BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi sobiq raisi Renata Vinter bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etildi. Vinterning yurtimizga tashrifi davomida, shuningdek, “Qonun bilan ziddiyatda bo‘lgan bolalar uchun ozodlikdan mahrum qilishning muqobil choralari va javobgarlikdan ozod qilish” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi. Uni o‘tkazishda Bolalar ombudsmani va YUNISEF yaqindan hamkorlik qildi.
Oylik doirasida “Majburiy ko‘chirish: jadal urbanizatsiya sharoitida inson huquqlarini qanday kafolatlash mumkin?” degan mavzuda jamoatchilik maslahatlashuvi o‘tkazildi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida tashkil etildi.
O‘z navbatida, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashning dolzarb masalalari: joriy holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
28-29 noyabr kunlari “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘quv kursida Toshkent shahar prokuraturasidan 10 nafar, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan 50 nafar xodim hamda Toshkent shahar sudining 5 nafar sudyasi tinglovchi sifatida ishtirok etdi.
Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni zamonaviy texnologiyalar orqali reabilitatsiya qilish vositalari bilan ta’minlash” mavzusida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya-texnik vositalar bilan ta’minlashga bag‘ishlangan amaliy ko‘rgazma tashkil etildi.
“Inson huquqlari oyligi”ning eng muhim tadbirlaridan biri – Milliy markazda “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy ochilishi bo‘ldi. Ushbu tantanali tadbir Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida tashkil etildi.
Ayni vaqtda “Inson huquqlari uyi”da bir qator taqdirlash va taqdimot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Milliy markaz tashabbusi bilan nashr etilgan «Ezgulik taqvimi» nomli kitob hamda Jeneva konvensiyalarining lotin imlosidagi o‘zbek alifbosida chop etilgan ilk to‘plami taqdimotlari shular jumlasidandir.
Ikkita an’anaviy tanlov –“Inson huquqlari – bolalar nigohida” tanlovi hamda “Inson huquqlari va erkinliklari sohasida ta’lim va innovatsiyalar” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash tadbirlari ham aynan “Inson huquqlari uyi”da bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishonining 2024 yilgi sovrindorlariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni munosabati bilan joylardagi turli ta’lim muassasalarida davra suhbatlari, mahorat saboqlari va umummilliy darslarni tashkil etishda Milliy markaz vakillari faollik ko‘rsatganini qayd etish lozim.
E’tiborli jihati, “Inson huquqlari oyligi” bilan uyg‘un ravishda O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 17 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosi bo‘yicha alohida dastur doirasida ko‘plab ma’rifiy-huquqiy tadbirlar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarning barchasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – erkin va farovon hayot garovi” shiori ostida o‘tkazildi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 24.12.2024
- Ko'rishlar: 108
- Chop etish