(O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yildagi faol, pragmatik va ochiq tashqi siyosati haqida ayrim mulohazalar)
2024-yil: Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatiga bir nazar
O‘tgan yil jonajon Vatanimiz uchun nihoyatda barakali bo‘ldi. Yurtimiz hayotida yuz berayotgan beqiyos va shiddatli o‘zgarishlar, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi tobora obod va go‘zal bo‘lib borayotganini hisobga olib, 2024-yil har tomonlama samarali, xosiyatli va fayzli bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Bunda o‘ziga yarasha bir hayotiy haqiqat mujassam, deb hisoblayman; bu xalqimiz shuuridan chuqur joy olgan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi har birimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirgani, umummilliy harakatga aylanganidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Uzoq o‘tmishdan hozirgi davrgacha milliy tafakkurimiz negizida shakllanib kelgan, turli g‘oya va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topgan el-yurtimizning orzu-umidlari bugungi kunda Yangi O‘zbekiston tushunchasida jamuljam bo‘lmoqda”.
“Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi zamirida milliy davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasi, jahon hamjamiyati bilan do‘stona munosabatlarni tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash tamoyillari mujassamdir. Ya’ni Yangi O‘zbekiston mazkur strategik prinsiplarga sodiq qolib, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini doim to‘liq bajarib kelmoqda.
Yangi O‘zbekison hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni teran tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan yili ham yurtimizning dunyoda raqobatbardosh davlat va ishonchli hamkor sifatidagi obro‘-e’tibori yanada yuksalgani va ayniqsa, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik konstruktiv tashabbuslarimiz jahon hamjamiyati tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlanganiga amin bo‘lamiz.
Buni men shaxsan millatimiz sardori – Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ezgu g‘oya va tashabbuslarning hayotbaxsh samarasi deb bilaman.
So‘zimning tasdig‘i sifatida yangi – 2025 yil munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga eng ilg‘or xorijiy davlatlar, parlamentlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institutlar rahbarlari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblaridan samimiy tabrik va tilaklar kelganini misol keltirishni lozim, deb topdim.
Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari o‘z qutlovlarida O‘zbekiston Prezidenti va ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, baxt-saodat, farovonlik, katta muvaffaqiyatlar va ravnaq tilab, samimiy tilaklarini izhor etdilar.
Ular Yangi O‘zbekistondagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus olayotgani, xalq uchun munosib hayot sharoiti yaratilayotganini yuksak baholashi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi, deb e’tirof etishi bejiz emas.
Bundan sakkiz yil muqaddam davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ochiq, pragmatik, konstruktiv, faol va tinchliksevar tashqi siyosat 2024 yilda ham o‘zining samarali natijasini berdi, deb to‘liq ishonch bilan ayta olamiz.
Shu ma’noda, yakuniga yetgan yilda Yangi O‘zbekiston olib borgan faol tashqi siyosat sarhisobini xolis tahlil qilar ekanmiz, shubhasiz, global miqyosda shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotgan va yangi sinov hamda tahdidlar sharoitida Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy qudratini yanada yuksaltirish, milliy manfaatlar ustuvorligini ta’minlash, jahon hamjamiyatida mamlakatimizning ijobiy xalqaro imijini mustahkamlash bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yutuqlariga guvoh bo‘lamiz.
Bunda, so‘zsiz, Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosat faoliyat doktrinasining bosh muallifi – butun umrini xalqqa fidokorona xizmat qilishga bag‘ishlagan muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning azmu shijoati, metin irodasi, eng muhimi, xalqimizning yorqin kelajagiga bo‘lgan komil ishonchi o‘z in’ikosini topgan.
O‘tgan yil, xalqaro hayotdagi murakkab va ziddiyatli o‘zgarishlarga qaramay, Yangi O‘zbekiston yangilangan Konstitutsiyasida mustahkamlangan xalqaro munosabatlarda teng huquqlilik va davlatlarning suveren tengligini hurmat qilish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsiplariga sodiqligini tasdiqladi. Shuningdek, mamlakatimiz tashqi munosabatlarni har doim va barcha davlatlar bilan o‘z milliy manfaatlarini ham, jahon taraqqiyoti tendensiyalarini ham hisobga olgan holda rivojlantirishga tayyor ekanini amalda ko‘rsata oldi.
“Xalqaro munosabatlar mohiyati va mazmuni tubdan o‘zgarayotgan, jahonda kuchlarning yangi nisbati shakllanayotgan hozirgi zamonda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor o‘rinda turishi shart”, deb ta’kidlaydi Yangi O‘zbekiston rahbari.
Millatimiz sardori olib borayotgan tashqi siyosatning tub falsafiy maqsadi – har qanday vaziyatda xalqning oliy manfaatlarini himoya qilishdir. Binobarin, muhtaram Prezidentimiz: “Mening eng katta maqsadim – xalqimni rozi qilish, baxtli ko‘rish”, – deb ta’kidlashi zamirida teran ma’no bor, albatta.
Shu satrlarni yoza turib, yodimga, beixtiyor, buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshbandning ideal davlatni “falsafiy hukmdor” boshqarishi kerakligini ta’kidlab, “Hukmdor zohiran xalq bilan, botinan xaq bilan bo‘lishi lozim”, degan so‘zlari keldi. Mutafakkir alloma Mir Alisher Navoiy ham o‘zining benazir asarlarida inson va uning taqdiri, xalq va uning manfaatlari yo‘lida g‘amxo‘rlik kiladigan hukmdorni ulug‘lab kelgani ayni haqiqatdir.
Shu jihatdan, Shavkat Mirziyoyev, qaysi xalqaro anjumanlarda ishtirok etmasin, qaysi davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan muloqot qilmasin, xalqimiz manfaatlarini himoya qiluvchi, global darajada fikrlovchi davlat arbobi, xalqaro darajadagi o‘ta murakkab masalalarni ijobiy hal etish borasidagi ilg‘or tashabbuslari va ayniqsa, serg‘ayrat ekani va qolaversa, samimiy inson sifatidagi ezgu hislatlari bilan barcha suhbatdoshini hayratda qoldira oladi.
Shu o‘rinda raqamlarga murojaat etaylik. Masalan, o‘tgan 2024-yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 ta xalqaro tashrifni amalga oshirdi, xorijiy tashriflar doirasida 100 dan ortiq uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Prezident 2024-yilda 140 dan ortiq xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi. 264 tadan ortiq ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma hamda hujjatlar imzolandi. Ikki va ko‘p tomonlama xalqaro tadbirlar doirasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar 2000 dan ortdi, investitsiya loyihalari va savdo bitimlari qiymati qariyb 120 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.
Shavkat Mirziyoyev fenomeniga Rejep Tayyip Erdog‘an – Turkiya Respublikasi Prezidenti shunday ta’rif bergandi: “Qadrli qardoshim, Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekistonning mintaqaviy va global siyosatdagi ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Bu bizga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi. O‘zbekiston davlati rahbarini samimiy do‘st va har tomonlama strategik hamkor deb bilaman”.
Yangi Markaziy Osiyo:
mintaqaviy hamkorlikning samarali modeli
Bugun Yangi Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda boshqa yetakchi hamkor davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliya institutlari bilan unumli va tizimli aloqalarni yanada rivojlantirish davlatimiz tashqi siyosatining e’tibor markazidadir.
Chet ellik taniqli ekspertlarning e’tirof etishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo – tom ma’noda xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylanib, xalqaro hamkorlar uchun uning jozibadorligi tobora ortib bormoqda.
Shu o‘rinda alohida qayd etish zarurki, muhtaram Shavkat Mirziyoyev prezidentlik lavozimiga kirishishi bilanoq Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishi deb belgiladi. Shu asosda qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlar tubdan yaxshilandi.
Prezidentning Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi bugun real haqiqatga aylanmoqda. Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda. Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyo o‘zaro manfaatli hamkorlik, xavfsiz va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda. Shu jihatdan, o‘tgan yilda davlatimiz rahbarining qo‘shni davlatlarga 7 marotaba tashrif buyurgani ham bejiz emas.
Masalan, o‘tgan 2024-yilning avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ldi. O‘zbekiston rahbari birgalikdagi tizimli va amaliy sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini ittifoqchilik munosabatlaridek eng oliy bosqichga olib chiqishga erishilganini barcha xorijiy siyosatchilar yuqori baholadi.
Muzokaralar chog‘ida, birinchidan, parlamentlarning ikki palatasi ishtirokida Parlamentlararo forum tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
Ikkinchidan, hamkorlikning yana bir yangi zamonaviy shakli – Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Uchinchidan, har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2024 – 2034-yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik va ittifoqchilik dasturi qabul qilindi.
Eng muhimi, avvallari davlatlararo munosabatlar rivojiga to‘g‘anoq bo‘lib turgan transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. So‘nggi yillarda an’anaga aylangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlaridagi samimiy muloqotlar, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, amalga oshirilgan ko‘p tomonlama loyihalar mintaqa qiyofasini tubdan o‘zgartirdi.
O‘zaro savdo, investitsiya, yuk tashish, fuqarolarning tashriflari hajmi bir necha barobar ko‘paydi. Xorijiy sheriklar tomonidan amaliy qiziqish ortdi. “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.
Mazkur uchrashuvlarda davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchidan. Iqtisodiy kengash uchrashuvlarini muntazam yo‘lga qo‘yish.
Ikkinchidan. Sanoat kooperatsiyasini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish. Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashini ta’sis etish.
Uchinchidan. Innovatsion rivojlanish bankini tashkil etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish.
To‘rtinchidan. Transport va tranzit to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish, transport vazirliklari, tashuvchilar va ekspeditorlar, logistika kompaniyalari va mutaxassislar ishtirokida Ekspertlik konferensiyasini o‘tkazish.
Beshinchidan. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida agrar ishlab chiqarishning innovatsion usullari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish kabi qator tashabbuslarni bildirdi.
Davlatimiz rahbari global darajadagi anjumanlarda nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqamizdagi davlatlar manfaatlarini ilgari surib kelmoqda. Masalan, Shavkat Mirziyoyevning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining IX yillik yig‘ilishidagi nutqi yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir.
Hozirgi kunda Markaziy Osiyo aholisi 80 milliondan oshdi. Mintaqaning yalpi ichki mahsuloti kelgusi besh yilda 700 milliard AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mintaqada yirik infratuzilma loyihalariga talab kun sayin ortib bormoqda.
O‘zbekiston rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda suv tejaydigan texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha mintaqaviy markaz tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Germaniya” ikkinchi Sammitida ham mintaqada barqaror rivojlanish masalalari ustida alohida to‘xtalib, Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon etdi.
Birinchi yo‘nalish. Ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan, uzoq muddatga mo‘ljallangan Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish taklif etildi. Ushbu hujjatni ishlab chiqish uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahlil markazlari forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va uning birinchi majlisini 2025-yili nemis-mennonitlarining katta jamoasi yashagan mintaqadagi qadimiy shaharlardan biri – Xivada o‘tkazish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Ikkinchi yo‘nalish. “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirish. Uning birinchi uchrashuvini 2025-yili Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazish; investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi ko‘p tomonlama hukumatlararo bitimni qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish.
Uchinchi yo‘nalish. Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xomashyo resurslari sohasida sheriklikni rivojlantirish. Bu o‘rinda so‘z Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga mahsulot yetkazib berishni tashkil etish borasidagi loyihalar haqida bormoqda.
To‘rtinchi yo‘nalish. Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan Energetika sohasidagi muloqotini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqish.
Beshinchi yo‘nalish. Iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarish. Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirish.
Oltinchi yo‘nalish. Transport kommunikatsiyalari, shu jumladan, yer usti va havo tashuvlari yaxshi rivojlanmagani hamkorlikni rivojlantirishda eng katta to‘siq bo‘layotgani sababli Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish borasida qo‘shma konferensiya o‘tkazish taklif etildi.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga ijobiy yechimlar topish borasida xalqaro muloqot platformasiga aylanib bormoqda.
Shu o‘rinda, xususan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni mintaqada ishonchli ko‘prik o‘rnatuvchi tashabbuskor, tinchlik elchisi, deb atagani, Yevropa kengashi raisi Sharl Mishelning O‘zbekiston davlati rahbari mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo va hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘plab tashabbus va g‘oyalar generatori bo‘layotganini alohida qayd etgani e’tiborga loyiqdir.
Xorijiy matbuotda taniqli xalqaro siyosatchilar tomonidan, xususan global va mintaqaviy muammolarni oqilona hal qilishda muhtaram Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosatdan andoza olish va ularni chuqurroq o‘rganish, tahlil qilish va xalqaro amaliyotda qo‘llash lozimligi alohida qayd etilmoqda.
O‘zbekiston va BMT:
global muammolar yechimi yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik
O‘zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari bilan global muammolar yechimi masalalarida samarali hamkorlikni rivojlantirmoqda. BMT doirasida mamlakatimiz tomonidan 140 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 11 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.
2024-yilning o‘zida BMT Bosh kotibining beshta o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylandi. O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi – Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘armaning vakolatxonasi ish boshladi.
Birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. 2025-yilda Samarqandda YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Shu o‘rinda davlatimiz rahbari – Shavkat Mirziyoyevning eng nufuzli xalqaro sammitlarda ilgari surgan global ahamiyatga molik tashabbuslari BMT tomonidan olqishlanmoqda.
Masalan, o‘tgan yili Bokuda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitida 200 dan ortiq mamlakatlarning davlat va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi. Mazkur eng nufuzli sammitda davlatimiz rahbari – Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda bartaraf etishda faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirib, quyidagi muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Birinchi tashabbus: rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim xatarlarini aniqlash uchun yetakchi davlatlar va xalqaro institutlarning texnik ko‘magini kengaytirish maqsadida Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish.
Ikkinchi tashabbus: BMT shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani ishlab chiqish.
Uchinchi tashabbus: dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan davlatlar uchun O‘zbekistonda BMTning innovatsion agrosanoat xabini yaratish.
To‘rtinchi tashabbus: iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarning barqaror rivojlanishi bo‘yicha ilg‘or bilim va amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish hamda uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish kabi takliflar ishtirokchi davlatlar tomonidan qizg‘in ma’qullandi.
Xorijiy davlatlar rahbarlari va ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning sammitdagi faol ishtiroki alohida e’tirof etilgani, Shavkat Mirziyoyevning global ahamiyatga molik tashabbuslarni ilgari surgani va ular o‘z navbatida barqaror amaliyotni rivojlantirishga kuchli turtki bergani, xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochgani jahon hamjamiyati uchun favqulodda muhim voqea bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha mazkur konferensiyasi doirasida boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan o‘ndan ortiq muzokaralar o‘tkazgani va ular davomida, xususan, Orolbo‘yi hududini tiklash masalalalarini muhokama qilgani, 2025-yilda O‘zbekistonda Global ekologik fond donorlarining yirik xalqaro tadbirlarini o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashilgani xorij matbuoti tomonidan alohida e’tirof etildi va yuqori baholandi.
Pragmatik va ko‘p vektorli tashqi siyosat – Yangi O‘zbekistonning strategik yo‘nalishi
2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida davlat o‘z xalqi farovonligi yo‘lida faqat va faqat milliy manfaatlarga asoslangan pragmatik va ko‘p vektorli tashqi siyosatni olib borishda davom etadi, deb qayd etilgan.
Hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, ular bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda turli darajadagi maslahatlashuvlarni tashkil etish o‘tgan yilda ham o‘z samarasini berdi.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonning Shusha shahrida “Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining sammitidagi samarali ishtiroki mamlakatimiz tashqi siyosati tarixiga abadiy muhrlandi.
Bundan besh yil muqaddam Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan mamlakatimiz o‘tgan qisqa davrda 30 dan ortiq muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur nufuzli Sammitda Yangi O‘zbekiston rahbarining Turkiy dunyodagi birlik va integratsiyani rivojlantirish, dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yo‘lini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash, savdo va transport sohasida xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish, muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish borasida qator tashabbuslari ishtirokchi davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining yana bir yutug‘i bo‘ldi, deyish mumkin.
O‘tgan yilda O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, BRIKS kabi xalqaro strategik platformalar doirasida ham o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ko‘p tomonlama savdoni rivojlantirish, mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy muammolarni xalqaro miqyosda muhokama qilishda o‘z pozitsiyasini yanada kuchaytirdi.
Masalan, 2017-yilda O‘zbekiston rasman MDHning siyosiy-diplomatik faoliyatida ishtiroki tamoyillarini yanada aniqlashtirib, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga urg‘u berdi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston MDH va uning tuzilmalarida faol ishtirok etib, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surib kelmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yilning oktyabr oyida MDH Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Kengashda davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yilning bahorida Toshkent shahrida “Innoprom” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishi va Innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazish taklif etildi.
O‘zbekistonning MDH mamlakatlari ekspertlari va tahlilchilarining uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish hamda navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab tashkil etish borasidagi tashabbusi mamlakatlarningi iqtisodiy, ilmiy va madaniy taraqqiyotning kelajakdagi muvaffaqiyati uchun muhim qadam bo‘ldi. Negaki, sun’iy intellektni joriy qilish sohasidagi o‘zgarishlar mamlakatlarning global raqobatbardoshligini oshirishga, yoshlarga ilmiy va texnik ta’lim berish sohasida muhim imkoniyatlarni yaratishga yordam beradi.
Mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi ishtiroki alohida diqqatga sazovordir. SHHT madaniy-sivilizatsiyaviy va milliy taraqqiyot modellari turlicha bo‘lgan mamlakatlarni birlashtirgan o‘ziga xos xalqaro tuzilmadir. Bugun SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir. Tashkilotning bosh maqsadi – mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash orqali ko‘p tomonli hamkorlikni rivojlantirish.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda: “Tashkilot soxta siyosiy va mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lgan keng ko‘lamli hamkorlikni o‘rnatishga intilayotgan ko‘plab mamlakatlarni o‘ziga tortadigan markaz bo‘lib qolmoqda”.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan 2024-yilning iyul oyida SHHT Davlat rahbarlari kengashi majlisida global va mintaqaviy xavfsizlikka xavf va tahdidlar kuchayib borayotgan davrda SHHT hamjihatligi zaiflashishiga yo‘l qo‘ymaslik, “SHHT oilasi” jipsligini kuchaytirish, birgalikda rivojlanish tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish zarurligiga barcha davlat rahbarlarining e’tiborini qaratgani va strategik hamkorlikni yuksaltirish bo‘yicha 10ga yaqin konstruktiv tashabbuslarni taklif etgani sheriklikning yangi modellarini shakllantirish va SHHT doirasida barqaror rivojlanishning uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqishga asos bo‘ldi, deyish mumkin.
Davlatimiz rahbarining “BRIKS plyus” formatidagi Sammitda barqaror taraqqiyotning umumiy maqsadlariga erishishda hamkorlikni rivojlantirish, xususan, ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ayniqsa, radikallashuv va ekstremistik g‘oyalarning, avvalo, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olish borasidagi taklif va mulohazalari Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari tomonidan ma’qullangani davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qildi.
O‘zbekistonning faol va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimiz jahon siyosatining markazlaridan biriga va global tashabbuslar muallifiga aylanmoqda. Bunga yana bir misol. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2025-yilda Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qayd etish lozimki, jahondagi 180 mamlakat parlamentini birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma o‘zining oliy organi assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazadi. Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, O‘zbekistonda o‘tkazilishi esa Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Zamonaviy diplomatiyaning yangi shakli
Bugungi kunda davlat rahbarlarining telefon orqali muloqotlari zamonaviy diplomatiyaning yangi va muhim elementiga aylangan. Zero, bu dolzarb xalqaro masalalarni muhokama qilish, muhim siyosiy, iqtisodiy muammolar borasidagi pozitsiyalarni zudlik bilan kelishish uchun faol foydalaniladigan zamonaviy va tezkor aloqa shaklidir.
Bunday suhbatlar davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy va ishonchli aloqalarni mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlarning yanada rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning zamonaviy diplomatiyaning yangi shaklidan foydalanishini tahlil qilar ekanmiz, o‘tgan 2024 yil davomida xorijiy davlatlar yetakchilari bilan 44 marotaba telefon orqali muloqot qilganining guvohi bo‘lamiz.
Masalan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2024-yil mart oyida BAA Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali samimiy muloqot qildi. Muloqot davomida O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlandi. Amaliy hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda faollashtirish masalalari bo‘yicha amaliy fikrlar almashildi.
Qayd etish lozimki, bugun O‘zbekistonda BAA sarmoyasi ishtirokida 300 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma loyihalar portfeli 4 milliard AQSH dollaridan oshdi. Bundan tashqari, yuqori texnologiyalar, energetika, geologiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, IT, infratuzilma, logistika va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Masalan, 2024-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya, Belarus, Eron, Turkiya, Ozarbayjon va qo‘shni davlatlar Prezidentlari, Malayziya va Yaponiya Bosh vazirlari kabi qator xorijiy davlat va hukumatlar rahbarlari bilan qilgan telefon muloqotlari zamirida yagona maqsad yotadi. Bu ham bo‘lsa, Yangi O‘zbekiston kelajagi, xalqimiz manfaati yo‘lida xorijiy davlatlar bilan dolzarb siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy masalalarni tezkorlik bilan muhokama qilishdir.
Yana bir gap. Davlatimiz rahbari telefon muloqoti orqali xorijiy safarda yoki Olimpiya musobaqalarida bo‘lgan fuqarolarimizning holidan xabar oladi, ular bilan birma-bir shaxsan suhbatlashadi, sportchilarimizga zafarlar tilaydi.
Masalan, 2024-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qilib, Haj safarida bo‘lgan qariyb 12 ming nafar ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida qayg‘urib so‘radi. Davlatimiz rahbari yurtdoshlarimiz muqaddas Haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi.
Bu kabi o‘nlab misollar esa o‘zbek xalqining Shavkat Mirziyoyevdek jonkuyar va yuksak insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan buyuk rahbari borligidan dalolat beradi va qalbimizga cheksiz faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.
Shu o‘rinda, beixtiyor, Buyuk Britaniyaning davlat arbobi Uinston Cherchilning quyidagi so‘zlari mohiyatini yanada teranroq anglaymiz: “Davlat rahbarini nafaqat siyosat bilan shug‘ullanadigan, balki xalq umidlarini ro‘yobga chiqaruvchi shaxs deyish mumkin”.
Muxtasar xulosa o‘rnida aytish mumkinki, keltirilgan qisqa misollarning o‘zi ham Yangi O‘zbekistonning faol tashqi siyosat va ko‘pqirrali tashqi iqtisodiy faoliyatni samarali amalga oshirayotganidan dalolat beradi. Zero, Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi prinsipi xalqaro munosabatlarda umumbashariy, mintaqaviy va milliy darajadagi muammolarni hal etish, tahdidlarni bartaraf qilish, barqaror rivojlanishni ta’minlashda tashabbuskor bo‘lishni ham nazarda tutadi.
Akmal SAIDOV,
BMTning Inson huquqlari
Qo‘mitasi a’zosi
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 16-yanvar kungi 11 (1337)-soni
- Qo'shildi: 16.01.2025
- Ko'rishlar: 412
- Chop etish