YAXSHILAR YODI UNUTILMAYDI

(Z. Najimovning “Chin ma’nodagi qat’iyatli ustoz edilar” esse-xotira kitobini o‘qiganda tug‘ilgan mulohazalar)

 

Har bir inson tug‘ilganidan boshlab umr daftariga o‘z asarini yozishga kirishadi. Bu asarning fojiali yoki baxtli yakuni esa insonning qanday maqsadlarga intilib yashashi, ma’naviy va ma’rifiy dunyosi, xulq-atvori, oilasi va atrofidagilarga munosabati, yurtiga muhabbati va xalqiga beminnat xizmati kabi mezonlarga bog‘liq. Yaxshilikka intilib yashagan, qalbi pok kishilar, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zlaridan shoh asarlar qoldirishadiki, ularning umr daftarini varaqlab, o‘zimiz uchun ibrat va namuna olamiz.

Mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimizning farovon turmushi va davlatimizning barqaror rivojlanishini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, halol mehnati va tug‘ma qobiliyati bilan elu yurtda hurmat, obro‘ va sharaf topgan atoqli davlat va jamoat arbobi Rahim Rajabov xotirasiga bag‘ishlangan “Chin ma’nodagi qat’iyatli ustoz edilar” nomli esse-xotira kitobini mutolaa qilar ekanman, yaxshilar yodi unutilmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

Rahim Rajabov 1937-yil 29-aprelda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida xizmatchi oilasida tavallud topgan. 1960-yilda Toshkent shahridagi O‘rta Osiyo politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universitetini) tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida “O‘zbekselmash” va Toshkent ekskavator zavodida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Ayniqsa, sobiq SSSRning birinchi kompyuteri ishlab chiqarilgan “Algoritm” zavodini loyihalash va qurish ishlariga boshchilik qilib, uni boshqargani diqqatga sazovor.

Ilm-fan va amaliy faoliyatdagi fidokorona xizmatlari uchun Rahim Rajabov “SSSRda xizmat ko‘rsatgan ixtirochi”, “O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan injener” unvonlari bilan taqdirlangan.

Xalqimiz hayotida va milliy davlatchiligimiz tarixida ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilgan davrda – 1990 – 1997-yillarda Rahim Rajabov o‘zining rahbarlik va boshqaruvchilik qobiliyatini namoyon etib, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, Davlat kotibi va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida sadoqat bilan mehnat qilgan.

“Chin ma’nodagi qat’iyatli ustoz edilar” kitobida uning bolalik yillari, talabalik davri, ilmiy va kasbiy faoliyati, shuningdek, mamlakatimiz mustaqillikni qo‘lga kiritishiga qo‘shgan hissasi hamda istiqlolning dastlabki yillarida olib borgan rahbarlik faoliyati aniq misollar va hayotiy voqea-hodisalar asosida yoritilgan.

Kitob muallifi Ziyavuddin Najimov: “Ustozlar xotirasini qog‘oz sahifalariga muhrlab, kelgusi avlodlarga uzatish ziyoli inson uchun ixtiyoriy, lekin sharafli yumush va burchdir”, degan azmu shijoat hamda ezgu maqsad bilan kitobni nashrga tayyorlagan. Muallif ushbu esse-xotira kitobini ma’lumotlar bilan boyitishda yaqindan yordam bergani uchun Rahim Rajabovning qizlari – Muhabbat Rajabova, Sanobar Rajabova hamda Nodira Yangiyeva, kuyovi G‘ulom Narzullayev, qorako‘llik jurnalist Sa’dulla G‘aybullayevga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Muallif kitobning “Ustoz bilan tashrif...” nomli essesida ta’kidlab o‘tganidek, ushbu asar bilan u nashr etilishidan oldin – hali qo‘lyozma ekanida tanishib chiqqanman. Kitobning yuksak samimiyat va mahorat bilan nihoyatda ravon va ishonarli tarzda yozilgani menda iliq taassurot qoldirgan.

Muallif ustozining umr yo‘lini hikoya qilish asnosida o‘zbek xalqining XX asrning ikkinchi yarmi va XXI asrning boshlaridagi tarixini ham haqqoniy va hayotiy misollar bilan yoritib bergan. Jumladan, mustaqilligimizning dastlabki yillarida davlatimiz yengib o‘tgan to‘siqlar xolislik bilan tasvirlanib, xalqimizga xos bukilmas iroda, sabr va matonat kabi yuksak insoniy tuyg‘ular Rahim Rajabov timsolida tarannum etilgan.

Xalqimizning chinakam fidoyi farzandi Rahim Rajabov xotirasiga bag‘ishlangan ushbu asar har bir yurtdoshimizning kitob javonidan munosib o‘rin egallashiga tilakdoshman.

Akmal SAIDOV,

akademik

«Ishonch» gazetasining 2025-yil 16-yanvar kungi 8 (5072)-soni

Powered by GSpeech