TOSHKENT, 11-fevral /"Dunyo" AA/. Bugun Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazining Inson huquqlari uyida "O'zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari" mavzusidagi ikki kunlik seminar o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Seminar O'zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag'ishlangan. Shuningdek, unda BMTning Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali amalga oshirish yo'llari atroflicha ko'rib chiqilmoqda.
Seminar ochilishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o'rinbosari Mavludaxon Xodjayeva, YUNISEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio va BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner qatnashdilar.
Akmal Saidov o'z nutqida ta'kidlaganidek, bugungi kunda O'zbekistonda 18 yoshgacha bo'lgan bolalar 13 million nafarni, ya'ni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. U, shuningdek, O'zbekiston uchun bola huquqlarini ta'minlash masalasi prinsipial ahamiyatga ega masala hisoblanishini va O'zbekiston mustaqillikka erishganidan so'ng, 1992-yil 9-dekabrda inson huquqlari sohasidagi xalqaro konvensiyalar qatorida birinchi bo'lib Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga qo'shilganini qayd etdi.
Seminar o'z ishini 12-fevral kuni davom ettiradi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, shuningdek, Parlament palatalari huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zolari va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
- Qo'shildi: 12.02.2025
- Ko'rishlar: 795
- Chop etish