O'zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga oid milliy mexanizmlari sarhisob qilindi

TOSHKENT, 13-fevral /"Dunyo"/. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazining Inson huquqlari uyida "O'zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari" mavzusidagi ikki kunlik seminar yakunlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir ishtirokchilari bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishda O'zbekiston tomonidan qo'yilgan muhim qadamlarni muhokama qildilar. Ta'kidlanganidek, mamlakat bir qator xalqaro hujjatlarni, shu jumladan, Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyaga doir "Bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokol"ni hamda "Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokol"ni ratifikatsiya qilingan.

 

Ekspertlar, shuningdek O'zbekistonning BMT Bola huquqlari to'g'risidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga qo'shilishini dolzarb ahamiyatga ega ekanini bildirdilar.

 

O'zbekistonda bolalar huquqlarini ta'minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingani yuqori baholandi. Qabul qilinayotgan qonunlar "Bolaning eng yaxshi manfaatlari" va "hech bir bola e'tibordan chetda qolmaydi" tamoyillarini aks ettiruvchi, bolalarning ma'naviy, aqliy, jismoniy va axloqiy kamol topishiga ko'maklashadigan huquqiy mexanizm yaratilishiga asos bo'lgani qayd etildi.

 

Seminar davomida O'zbekiston xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali huquqiy bazasini mustahkamlashda davom etayotgani ta'kidlandi. Jumladan, o'tgan yili qabul qilingan "Bolalarni zo'ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to'g'risida"gi, "O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo'yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to'g'risida"gi qonunlar buning yaqqol namunasidir.

 

Seminarda so'zga chiqqan ekspertlar, xususan, BMTning Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasi raisi o'rinbosari Sofi Kiladze O'zbekistonning bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholab, amalga oshirilayotgan islohotlarning izchilligi, tizimliligi va qat'iyligini e'tirof etdi. Shuningdek, mamlakat xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Bola huquqlari bo'yicha qo'mitasi va YUNISEF tavsiyalariga faol amal qilishda davom etayotgani qayd etildi.

 

Ikki kun davom etgan seminar ishtirokchilari tomonidan O'zbekistonning bolalar huquq va erkinliklarini ta'minlash, shuningdek, xalqaro standartlarni milliy darajada ilgari surish borasidagi muvaffaqiyatlarining e'tirof etilgani muhim natija bo'ldi.

Powered by GSpeech