Jinoyat protsessi ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilish taʼminlanadi

Hukumat qarori (VMQ-103-son, 21.02.2025-y.) bilan “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash tartibi” toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessi boshqa ishtirokchilarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgan bir yoʻla beriladigan nafaqani tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ijtimoiy himoya qilish choralarini taʼminlovchi organ etib belgilandi.

Quyidagilar himoya qilinuvchi shaxsga jinoyat protsessida ishtirok etishi munosabati bilan ijtimoiy himoya qilish choralarini qoʻllashga asos boʻladi:

- halok boʻlganligi (vafot etganligi);

- unga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

- unga nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganligi yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganligi;

- mulkiy zarar yetkazilganligi.

Bir yoʻla beriladigan nafaqaning miqdori quyidagi miqdorlarda toʻlanadi:

shaxs vafot etganda uning oila aʼzolari har biriga teng ulushda - BHMning 100 baravari miqdorida;

shaxsga nogironlikni keltirib chiqaruvchi tan jarohati yetkazilgan yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganda, nogironlik guruhiga koʻra:

▪️I guruh - BHMning 80 baravari miqdorida;

▪️II guruh - BHMning 70 baravari miqdorida;

▪️III guruh - BHMning 50 baravari miqdorida.

nogironlikni keltirib chiqarmaydigan tan jarohati yetkazilganda yoki sogʻligʻiga boshqacha ziyon yetkazilganda esa, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi asosida:

▪️ogʻir daraja - BHMning 35 baravari miqdorida;

▪️oʻrta daraja - BHMning 35 baravari miqdorida;

▪️sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga olib kelgan yengil daraja - BHMning 25 baravari miqdorida.

Ijtimoiy himoya choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi qaror (ajrim) uni taʼminlovchi organ tomonidan uni olgan kundan boshlab, 10 sutka ichida ijro etilishi lozim.

Bir yoʻla beriladigan nafaqa soliqqa tortilmaydi va undan ushlab qolishlar amalga oshirilmaydi.

Ushbu qaror 2025-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech