2025-yil 27-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu hujjat inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratib, shu sohada qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, Vengriyaning Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili A.Kozma, Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Y.Roja so‘zga chiqishdi.
A.Saidov o‘z nutqida imzolangan Memorandum ishonch, o‘zaro hurmat va umumiy qadriyatlar tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Vengriya hamkorligida yangi sahifa ochishini ta’kidladi. U so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi. Bu jarayonda xalqaro hamkorlik va ilg‘or tajribalar almashish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Vengriya Asosiy huquqlar bo‘yicha vakili A.Kozma Memorandumning imzolanishini mamnuniyat bilan qabul qildi va Vengriyaning inson huquqlarini himoya qilishga sodiqligini tasdiqladi. U ikki davlat geografik jihatdan uzoq joylashgan bo‘lsa-da, ularni inson huquqlarini himoya qilish va demokratik o‘zgarishlarga intilish birlashtirib turishini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan, Vengriya doimo hamkorlikka ochiq ekanligini va inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston bilan faol muloqot qilishga tayyorligini bildirdi.
Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Y. Roja O‘zbekiston va Vengriya strategik sheriklar ekanini, ularning hamkorligi siyosat va iqtisodiyotdan tortib madaniyat va inson huquqlarini himoya qilishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalarni qamrab olganini ta’kidladi. U ikki tomonlama munosabatlar yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirib, inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba almashish muhimligini qayd etdi. Y. Roja O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida Vengriya tajribasini o‘rganishdan manfaatdorligini yuqori baholab, bu ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam ekanini ta’kidladi.
Imzolangan anglashuv memorandumi institutsional hamkorlik, qo‘shma tadqiqotlar, seminar va treninglar o‘tkazish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish, tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashish, ta’lim va ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Memorandumning imzolanishi O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida inson huquqlari sohasida uzoq muddatli va samarali hamkorlik yo‘lidagi muhim qadamdir. Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi muloqot, sheriklikni mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.02.2025
- Ko'rishlar: 745
- Chop etish