PRESS-RELIZ
2025-yil 3-mart kuni Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 143-sessiyasi rasman o‘z ishini boshladi. Qo‘mita ishida ilk bor O‘zbekiston vakili – BMTning ushbu nufuzli organi tarkibiga 2025-2028-yillar davriga saylangan akademik Akmal Saidov ishtirok etayotgani ushbu sessiyaning alohida ahamiyatini ko‘rsatadi.
Ma’lumot uchun: A.Saidov 2024-yil 29-may kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning 40-sessiyasida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qo‘mita a’zosi etib saylandi.
Qo‘mita tarkibiga O‘zbekiston vakilining kiritilishi mamlakatning inson huquqlarini ilgari surish va demokratik institutlarni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etishda muhim bosqich bo‘ldi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 143-sessiyasi doirasida Qo‘mita a’zolari 14 ta davlatning (Albaniya, Burkina-Faso, Gaiti, Mo‘g‘uliston, Chernogoriya, Zimbabve, Chad, Antigua va Barbuda, Barbados, Dominikan Respublikasi, Iordaniya, Mavrikiy, Yangi Zelandiya, Samoa) milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqadi, xalqaro standartlarning bajarilishini tahlil qiladi va inson huquqlarini himoya qilishning global mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi. Sessiya kun tartibidan so‘z erkinligini, odil sudlovga bo‘lgan huquqni ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini himoya qilish kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Qo‘mita ishida O‘zbekiston vakilining ishtiroki mamlakatning xalqaro inson huquqlari jarayonlaridagi roli ortib borayotganini ta’kidlaydi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillariga sodiqligini namoyon etdi, bu esa jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholandi.
2025-yil mart oyi oxirigacha davom etadigan 143-sessiya butun dunyoda huquq va erkinliklarni himoya qilish bo‘yicha konstruktiv muloqot va strategik yondashuvlarni ishlab chiqish uchun platforma bo‘lishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 03.03.2025
- Ko'rishlar: 448
- Chop etish