Yangi O‘zbekiston – faol va baxtli ayollar yurti

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Hammamiz Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan aziz ayollarimiz timsolida hayot abadiyligini ta’minlab kelayotgan tabarruk zotlarni ko‘ramiz.  Yer yuzida hayot paydo bo‘libdiki, odamzod mo‘tabar ona siymosi oldida hamisha ta’zim qiladi. Muborak hadislardagi “Jannat – onalarning oyog‘i ostidadir” degan so‘zlar ham ana shu yuksak mehr va ehtiromning yorqin ifodasidir. 

Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz xotin-qizlariga qarata: Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashda sizlarga, sizlarning buyuk murabbiylik fazilatlaringizga tayanamiz”, deb aytgan samimiy e’tiroflari mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimizga cheksiz faxr-iftixor bag‘ishlamoqda. Shu yuksak ishonchni oqlash yo‘lida Yangi O‘zbekistonning shahdli va baxtli xotin-qizlari oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirish barobarida, davlatimiz va jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etishga astoydil intilmoqdalar.

Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarga mos holda, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini yanada oshirish, izzat-ikromini joyiga qo‘yish borasida dadil odimlar  qo‘yildi. Zotan, ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish sharqona xislat, xalqimizga xos xususiyatdir.

Muhimi, bu boradagi samarador ishlar izchil davom ettirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturining 25-maqsadida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligini oshirish va gender tenglikni ta’minlashga doir muhim chora-tadbirlar belgilangani ayni fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Avvalo, “Mas’uliyatli  ota-onalik”  loyihasi  ishlab  chiqilgani katta e’tiborga loyiq. Nega deganda, insonga odamiylik, yaxshi xulq, ta’lim-tarbiya va umuman, ijobiy xislatlarni o‘rgatuvchi maktab oila hisoblanadi. Xalqimizda “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bor. Demak, tarbiya oiladan boshlanadi va birinchi tarbiyachi ota-onadir.

Davlat dasturi doirasida, shuningdek, xotin-qizlarni  mehnat bozorida raqobatbardosh kasb-hunar turlariga o‘qitish orqali bandligini ta’minlashga ko‘maklashish hamda ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Biznesini kengaytirish istagidagi xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini  rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda. Xotin-qizlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalar borasidagi qiziqishlarini oshirish, ularni “Bir million dasturchi” loyihasiga jalb etish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

Yangi O‘zbekiston sharoitida xotin-qizlarni ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar sohasidagi samarali faoliyatga keng jalb qilish, ayniqsa, dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shuning uchun, bir tomondan, yurtimiz ayollari va qizlarining ilm-fandagi faolligini xalqaro miqyosda kuchaytirish, ikkinchi tomondan, ta’lim va ilm-fan sohalarida gender tenglikka erishish nihoyatda zarur.

Chunki aslida ham, ayol bilimli bo‘lsa, tarbiya qilgan farzandlari zukko, salohiyatli bo‘ladi. Yanada muhimi, ayol ilmli bo‘lsa, millat ilmli bo‘ladi.

Shonli tariximiz zarvaraqlarida To‘maris va Bibixonim, Gulbadanbegim va Zebunniso, Nodirabegim va Anbar otin kabi oqila momolarimizning muborak nomlari manguga muhrlangan. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy "Nasoyim ul-muhabbat" tazkirasining "Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri" nomli faslida moziydan to o‘z davrigacha yashab o‘tgan yoki o‘ziga zamondosh bo‘lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitgan.

Alisher Navoiy bobomizning "Far­hod va Shirin" dos­tonida ta’riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo‘y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo‘lgan zakiy momolarimizdir. Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo‘lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadr­lash hamda ulug‘lash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish biz uchun ham qarz, ham farz.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlash haqida gap ketganda, bu borada 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz. Bu o‘rinda, avvalo, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi yangi qonunlar haqida so‘z bormoqda.

Bundan tashqari, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning qabul qilinishi hisobiga gender tenglikka erishish va xotin-qizlar huquqlarini kafolatlash borasidagi huquqiy asoslar tubdan mustahkamlandi.

Mamlakatimizda BMT Xotin-qizlarni kamsitishga barham berish bo‘yicha qo‘mitasining davriy ma’ruzalar yuzasidan tegishli tavsiyalarini amalga oshirish borasida alohida mexanizm yaratilgan. Bu mexanizmni amalda tatbiq etish jarayonlarida sohaga taalluqli barcha ijroiya hokimiyat organlarining faol ishtiroki ta’minlanmoqda.

Shu o‘rinda mamlakatimizda faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil islohot samaralariga muxtasar to‘xtalish ayni muddaodir. Binobarin, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley ses­siya­sida qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".

Yangi O‘zbekistonning gender tenglikka erishishdagi yutuqlari BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Jahon banki tomonidan alohida e’tirof etilib, xalqaro indekslarda o‘z aksini topmoqda. Jahon banki tahlillariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ayollar huquqlari va gender tenglik sohasida eng katta natijalarga erishgan 5 ta mamlakat qatoridan o‘rin oldi.

O‘tgan yili mamlakatimiz “Ayollar, biznes va qonun” indeksida maksimal 100 balldan 82,5 ball to‘pladi. Yana bir muhim ko‘rsatkich: Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston bu borada jahondagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 20 mamlakat safidan joy egalladi.

Yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizi, mahalliy Kengashlar deputatlarining 32,6 foizi ayollardan iborat. Bu bilan Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda O‘zbekiston parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha jahonning 193 davlati orasida 34-o‘ringa ko‘tarildi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston xotin-qizlarining davlat boshqaruvidagi ulushi 35, tadbirkorlik sohasida 45, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Yurtimizning oqila, orasta, ishbilarmon va tadbirkor ayollari o‘z bilim va tajribasi, malakasi hamda mahorati bois fermerlik harakati, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohalarida ham yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Ayniqsa, hayotimizda borgan sari muhim ahamiyat kasb etayotgan yangi soha va tarmoqlar taraqqiyotini, yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy sohalar, ilm-fan, tibbiyot, ta’lim va tarbiya, madaniyat va san’at kabi ilg‘or jabhalarni ayollarning ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Bularning barchasi, shubhasiz, O‘zbekistonda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va ularning davlat funksiyalarini tartibga solishga qo‘shgan hissasini oshirish bo‘yicha faol ishlar o‘z samaralarini berayotganidan dalolatdir.

Aslida, bunday izchil va uzviy siyosat zamirida xalqimizning barcha orzu-havaslari, hayotining mazmuni bo‘lgan barkamol farzandlarimizni bag‘rida ardoqlab, ezgu fazilatlar ruhida kamolga yetkazadigan ayol zotini ulug‘lash, sog‘lom va ahil oilani e’zozlashdek ezgu maqsad o‘z mujassamini topgan.

Xulosa o‘rnida joriy yil 3-10-mart kunlari mamlakatimizda “Ayolga ehtirom” haftaligi e’lon qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir. Haftalik doirasida jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlarni “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimlari o‘tkazilmoqda.

Uzoq yillar jamoat va davlat ishlarida fidokorona xizmat qilgan nuroniy onaxonlar, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning “Yangi O‘zbekiston bog‘i” hamda muzeylar, tarixiy maskanlar, obidalar, ziyoratgoh va qadamjolar, teatr, konsert, kino, ko‘ngilochar maskanlarga imtiyozli asosda tashriflari yo‘lga qo‘yildi. Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar ishtirokida “Ayolni e’zozlash – ezgulik va adolat mezoni”, “Ona – mehr bulog‘i”, “Men onam bilan faxrlanaman”, “Yurt taraqqiyotiga mening hissam” mavzularida fleshmob va chellenjlar tashkil etilmoqda.  

 

G‘ulom Mirzo

«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 7-mart kungi 10 (1044)-soni

Powered by GSpeech