27-mart kuni Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida shu mavzuda Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mahkumlarning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularni qayta ijtimoiylashtirishga ko‘maklashish hamda jazo ijrosi muassasalarida ta’lim faoliyatini yanada samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ushbu anjuman O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Konferensiya ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti, Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi yetakchi mutaxassisi A.Ahmedov “Mahkumlarning ta’lim huquqi: xalqaro va milliy tajriba” mavzusida ma’ruza qildi.
Tadbirda mahkumlarni ta’limga jalb etish borasidagi milliy va xalqaro tajriba, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar, shuningdek, kitob o‘qish orqali jazo muddatini qisqartirishga doir yangi qonunchilik tashabbuslari muhokama qilindi.
O‘tgan yil davomida mamlakatimizdagi 21 ta jazoni ijro etish muassasasida inson huquqlariga rioya etilishi, ta’lim uchun yaratilgan shart-sharoitlar va mazkur sohadagi monitoring natijalari ham tahlil qilinib, bu borada aniq taklif va tavsiyalar taqdim etildi.
Konferensiya yakunida ta’lim modellarini takomillashtirish, onlayn ta’limni rivojlantirish, pedagogik va psixologik qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish hamda mahkumlar uchun oliy va kasbiy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.03.2025
- Ko'rishlar: 332
- Chop etish