Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatli himoyada: murojaat orqali ish haqi undirildi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Virtual qabulxonasi orqali fuqaro Sh.I. tomonidan yo‘llangan murojaat kelib tushdi. Unda fuqaro avval ishlagan korxonasi tomonidan ish haqi o‘z vaqtida to‘lanmaganligi holatidan norozilik bildirib, ushbu muammoni qonun doirasida hal etishda amaliy yordam so‘ragan.

Fuqaroning murojaatida keltirilgan holatni atroflicha o‘rganish maqsadida Samarqand viloyati prokuraturasiga tavsiya xati kiritildi. Prokuratura tomonidan amalga oshirilgan huquqiy tadbirlar natijasida joriy yilning 6-mart kuni fuqaro Sh.I. foydasiga 16 mln so‘m miqdoridagi ish haqi qarzdorligi to‘liq undirib berildi va uning huquqlari tiklandi.

Bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan fuqarolarning mehnat huquqlari amalda ta’minlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Konstitutsiyaning 42-moddasiga muvofiq, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlari va o‘z vaqtida haq olish huquqiga ega.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, har bir xodim bajargan mehnati uchun belgilangan muddatda va to‘liq ish haqi olish huquqiga ega. Ushbu huquqning buzilishi davlat organlari tomonidan huquqiy nazoratga olinadi va tegishli choralar ko‘riladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi aholining huquqiy ongini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, har bir fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettiradi.

 

A.Ahmedov,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech