Mamlakatimizda o‘tkazilgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi ishtirokchilari tadbir bahonasida yurtimizning tarixiy shaharlari, diqqatga sazovor maskanlarida ham bo‘lishmoqda.
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti sog‘liq xavfsizligi departamenti direktori Stella Chungong Xorazmga tashrif buyurishdi.
Martabali mehmonlar Urganch xalqaro aeroportida viloyat hokimligi mas’ullari tomonidan tantanali kutib olindi.
Xorijiy mehmonlar mas’ullar hamrohligida ko‘hna Xiva shahrida joylashgan «Ichan qal’a» majmuasini tomosha qildi. Ular xalqimizning o‘ziga xos an’analari va asrlar osha saqlanib kelayotgan boy tarixi, madaniy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Qadimiy minoralar, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ular bu bebaho merosimizga yuksak baho berib, «Ichan qal’a»ning o‘ziga xosligi va betakror arxitekturasidan katta taassurot oldilar.
Mehmonlarga Xorazm vohasining milliy taomlari, xalq amaliy san’ati namunalaridan iborat ko‘rgazmalar namoyish etilib, xalfachilik san’ati namunalari tinglanib, milliy raqslar ijro etildi.
– Biz mamlakatingizda bo‘lib, Parlamentlararo ittifoqning yubiley assambleyasini o‘tkazdik, – deydi Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong. – Tashkilotchilik juda yuqori saviyada bo‘ldi. Buning uchun minnatdorchilik bildiramiz. Bundan tashqari, kecha poytaxtingizda yoshlarga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, O‘zbekistonda juda ko‘plab yosh iste’dod egalari borligiga guvoh bo‘ldik. Bugungi safarimiz davomida dunyo sivilizatsiyasida alohida o‘ringa ega bo‘lgan Xorazm tarixi bilan yaqindan tanishdik. Xiva juda ajoyib shahar ekan. O‘zimni huddi ertaklardagi shaharda yurgandek his qilmoqdaman. O‘tmishda mavjud bo‘lgan davlatchilik an’analari Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagi uchun tamal toshi, desak yanglishmaymiz. Sayohatimiz davomida xalqingizning madaniyati, liboslari e’tiborimizni tortdi. Xorazm patir va nonlarining tayyorlanishiga guvoh bo‘ldik. Qisqasi, ko‘hna vohaga bo‘lgan safarimiz taassurotlarimizni yanada boyitdi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 14.04.2025
- Ko'rishlar: 321
- Chop etish