1-may kuni “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzusidagi to‘rt kunlik o‘quv kursi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida sayyor mashg‘ulot tashkil etildi.
Mazkur amaliy tadbir Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan yaqindan tanishish, uning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rnini tushunish hamda amaliyotda yuzaga keladigan huquqiy masalalarni bevosita sud vakillaridan eshitish imkonini yaratdi. Tinglovchilar Konstitutsiyaviy sudning faoliyati, vakolatlari, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi hamda konstitutsiyaviy nazorat mexanizmlari haqida mukammal ma’lumotga ega bo‘ldi.
Sayyor mashg‘ulotda Konstitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari Asqar G‘ofurov “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi Konstitutsiyadagi asosiy inson huquq va erkinliklariga oid normalar, ularning sud orqali amalga oshirilishi hamda Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmlar haqida to‘xtaldi.
Mazkur ma’ruzaning mazmuni Konstitutsiyaviy sud sudyasi Abdumannob Rahimovning chiqishi bilan ma’no va mazmun jihatdan uyg‘unlashdi. Sudya o‘z so‘zida inson huquqlarini tiklash va himoya qilishda sudning konstitutsiyaviy nazorat orqali amalga oshiradigan vazifalari, hokimiyatlar bo‘linishi va muvozanati tamoyili doirasidagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudida fuqarolar murojaat etishning huquqiy asoslari, shikoyatlarni qabul qilish mezonlari, ko‘rib chiqish bosqichlari va chiqariladigan qarorlarning huquqiy oqibatlari yuzasidan batafsil fikr yuritildi.
Ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini chuqurlashtirish, amaliyot bilan nazariyani uyg‘unlashtirish, inson huquqlarini sud orqali himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslarini tushunishda sayyor mashg‘ulot muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 02.05.2025
- Ko'rishlar: 173
- Chop etish