9-may – Xotira va qadrlash kuni
“Hayot qonuniyatiga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan ko‘p narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorug‘ dunyoda ulug‘ bir haqiqat borki, u hech qachon o‘zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Ya’ni, Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yo‘lida mardlik va jasorat ko‘rsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 19-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni davlatimiz rahbari aytgan ana shu fikrlarning amaldagi yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik – eng ulug‘ ne’mat. O‘z navbatida, 9-may – Xotira va qadrlash kuni sifatida keng nishonlanib kelayotgani – inson zotiga, uning muqaddas yodi, umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzidir.
Bu yil mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuniga har galgidan ham o‘zgacha hozirlik ko‘rilgani bejiz emas. Chunki, bir tomondan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 2025-yilni – Xalqaro tinchlik va ishonch yili deb e’lon qilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, joriy yilda Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbarining yana bir farmoni va qarori izma-iz e’lon qilindi. Bu o‘rinda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi” esdalik yubiley medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, 19-fevraldagi “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori haqida so‘z bormoqda.
Mamlakatimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarni e’zozlash hamda G‘alabaning 80-yilligi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini, ularga tenglashtirilgan shaxslarni hamda 1941-1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida:
· Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 000 (o‘n ming) AQSH dollari;
· Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarning har biriga 25 000 000 (yigirma besh million) so‘m;
1941-1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilarining har biriga 3 000 000 (uch million) so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan "Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80-yilligi" yubiley medali va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini bugun ham safimizda turib, Vatanimizning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan faxriylarimizga tantanali vaziyatda va bayramona ruhda topshirilmoqda.
Ayni voqelik misolida davlatimiz siyosati, jamiyatimiz kayfiyati, xalqimiz tiynatiga xos insonparvarlik ruhi yana bir bor baralla namoyon bo‘ldi. Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, Istiqlol yillarida yurtimizda inson hayoti, erki va sha’ni, qadri va xotirasi, jasorati va matonatini e’zozlash borasida amalga oshirilgan xayrli ishlar xalqimiz tahsini hamda ehtiromiga sazovor bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim.
Bundan ikki yil oldin, 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda xalqimizning yangi tahrirdagi Konstitutsiya uchun ovoz berishi bilan yakuniga yetgan konstitutsiyaviy islohotlar avvalida O‘zbekiston Prezidenti shunday deb ta’kidladi: “Inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart”. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir” degan insonparvar norma mustahkamlangani bejiz emas.
Inson sha’ni – insonning boshqa odamlar oldida o‘z ahamiyatini anglashi, ta’bir joiz bo‘lsa, insonning ma’naviy obro‘si. Inson qadr-qimmati esa shaxsning o‘zini o‘zi hurmat qilishi, jamiyat a’zosi sifatida o‘z mavqei va ahamiyatini anglashi, deganidir.
Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi zamirida ham “Inson qadri uchun” shiori negizida kishilarni ezgulikka undash falsafasi mujassam.
Xotira deganda – biz, avvalo, bu foniy dunyodan o‘tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni tushunamiz. Qadrlash – asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish, demak.
Haqiqatan ham, inson xotiralar bilan yashaydi. Kechagi kunning mashaqqatlarini eslab, og‘ir damlarni bugungi farahbaxsh hayot bilan muqoyasa qilsak, har birimiz ezgulik, yaxshilikni ulug‘lab yashashga ko‘proq intilishimiz tabiiy. Bundan besh yil avval poytaxtimizda barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bu haqiqatni bizga yorqin eslatib turibdi.
Shu o‘rinda, 2025-yil may oyi bo‘yicha ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 82 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va ularga tenglashtirilgan faxriylar yashayotganini qayd etish lozim. Bir yil oldin ularning soni – 112 nafar, 2023-yilda esa 174 nafar bo‘lgan. Faxriylarimizning eng ulug‘i hozirda 114 yoshni qarshilagan.
Keng jamoatchilik vakillari ana shu urush va mehnat faxriylarining xonadonlariga borib, ahvolidan muntazam xabar olmoqda, ularga yuksak hurmat-e’tibor ko‘rsatmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida bugungi tinch-osoyishta kunlar uchun qahramonlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu ulug‘ ayyom kunida hammamiz eng avvalo urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltiramiz. Ayni vaqtda jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat yurgan muhtaram faxriylarimizga ta’zim qilamiz. Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.
Xalqimiz front ortida fidokorona mehnat qilib, fashizm ustidan g‘alaba qozonishga ulkan hissa qo‘shdi. O‘zbekiston mudofaaning moddiy ehtiyojini ta’minlash uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barini ayamay sarfladi. O‘zbekistonliklarning Vatan himoyasi yo‘lidagi yuksak mardlik va qahramonliklari barcha avlodlar uchun namuna va ibrat maktabi vazifasini bajarib kelmoqda.
Xususan, Ikkinchi jahon urushiga o‘zbekistonliklarning 2 millionga yaqini safarbar etilib, shundan 538 ming nafardan ortig‘i jang maydonlarida qahramonlarcha halok bo‘lgan, 158 ming nafardan ortig‘i bedarak yo‘qolgan, mustaqillik yillarida 200 nafarga yaqin harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari mamlakatimizning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida o‘z jonini fido qilganlar.
Boshqacha aytganda, o‘sha urushda har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan. O‘zbekiston xalqi fashistlar bosqinini o‘z yurti va jonajon yeriga qilingan mudhish tajovuz deb tushungan.
Yurtimiz urush maydonlariga katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, yoqilg‘i, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat, g‘alla va don mahsulotlari, go‘sht yetkazib berishda oldingi saflarda bo‘ldi. O‘zbekistonga urush bo‘layotgan joylardan ko‘chirib keltirilgan yuzdan ortiq zavod va turli sanoat korxonalari nihoyatda qisqa muddatda ishga tushirilib, to‘la quvvat bilan mahsulot bera boshlagan. Bu korxonalarda ishlashga jalb etilgan keksalar, ayollar, o‘smir bolalar tunu kun mashaqqatli mehnat qilgani – haqiqiy fidoyilik, qahramonlik namunasidir.
O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan ham moddiy, ham ma’naviy yordamning miqyosi ulkan va ahamiyati beqiyosdir. Birgina misol: yurtimizga 1,5 million nafardan ortiq kishi evakuatsiya qilingan bo‘lib, shuning 300 ming nafarini bolalar tashkil etgan. Bu – faqat evakuatsiya manzillarida ro‘yxatga olinganlarning hisobi, xolos.
Bunday ro‘yxatlarga kirmay qolgan bo‘lsa ham, yurtimizdan boshpana topgan, xalqimizdan mehr-oqibat ko‘rgan insonlarning soni behisobdir. Ularning barchasi uchun O‘zbekiston ikkinchi Vatanga aylangan.
Bunga Ikkinchi jahon urushi davrida turli millatga mansub 16 nafar qarovsiz va yetim bolani farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan toshkentlik Shomahmudovlar oilasining qahramonligi yaqqol misoldir. Bu haqiqatni o‘sha davrda kattaqo‘rg‘onlik Samadovlar oilasi ham xuddi shunday insonparvarlikning yuksak namunasini ko‘rsatgani, ya’ni urush tufayli boshpanasiz qolgan 13 nafar yetim bolani farzandlikka olgani ochiq-oydin tasdiqlaydi.
Ha, o‘sha dahshatli urushda qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz g‘alaba qozonishda ana shunday mardlik va matonat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik fazilatlarini ko‘rsatgan. Minglab ota-bobolarimiz bu yo‘lda o‘z jonini fido qilgan. Ularning qahramonligi qalblarimizga faxr tuyg‘usini bag‘ishlaydi.
Bugun o‘sha insonlarning fidoyiligi tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmagan vatandoshlarimizni eslash, bugun oramizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda keksalarimizni e’zozlash bizning muqaddas burchimizdir.
Xotira va Qadrlash tushunchalari tobora teran ahamiyat kasb etayotganining yana bir sababi shundaki, insonga mehr ko‘rsatish, uni ulug‘lash, qadrlash va e’zozlashga qaratilgan ushbu a’mollar bizni globallashayotgan va tez o‘zgarib borayotgan murakkab davrning turli tahdidlariga nisbatan sezgir va hushyor bo‘lishga, kechagi kun jarohatlaridan saboq chiqarishga undaydi. Bu borada, ayniqsa, buyuk kelajak egalari – navqiron avlod zimmasidagi mas’uliyat g‘oyat kattadir.
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barobarida, inson xotirasi va qadri, jasorati hamda matonatining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibrat. Binobarin, inson, xalq, millat – tarixiy xotira bilan tirik, barhayot. Ayniqsa, o‘tganlarning xayrli ishlarini yodga olish, keksalarimizni qadrlash va e’zozlash biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Qariyalarga hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, ularni hamisha e’zozlash el-yurtimizda azaliy qadriyat sanaladi. Yoshi ulug‘ otaxon-u onaxonlarimizning bergan dono pand-nasihatlari, fayzli duolari bizni hamisha yaxshilikka chorlaydi.
Xulosa qilib aytganda, shu kunlarda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida yurtimizning barcha hududlarida “Vatan ravnaqi, tinchligi va himoyasi yo‘lidagi qahramonlik unutilmaydi” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – Vatan himoyasi yo‘lida mardonavor kurashgan buyuk ajdodlarimizga alohida e’tibor va chuqur ehtirom ko‘rsatish, g‘alabaga bebaho hissa qo‘shgan faxriylarimizni munosib ravishda izzat-ikrom bilan sharaflashdir.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, "Ikkinchi jahon urushi yillarida fashizm balosiga qarshi kurashda ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi tomonidan amalga oshirilgan buyuk tarixiy ishlarni, uning yengilmas, kuchli irodasi va qahramonligini, o‘sha suronli yillar haqiqatini kelgusi avlodlarga aniq misollar asosida yetkazish, ularni jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash g‘oyat muhim ahamiyatga ega".
G‘ulom MIRZO
«Kuch – adolatda» gazetasining 2025-yil 9-may kungi 20 (1054)-soni
- Qo'shildi: 12.05.2025
- Ko'rishlar: 145
- Chop etish