Xotin-qizlarning xavfsizlik masalalarida teng ishtirokisiz barqaror tinchlik bo‘lishi mumkin emas

O‘zbekiston Ashxobodda BMT Xavfsizlik Kengashining mojarolarning oldini olishda ayollar ishtiroki muhimligini ta’kidlovchi qarorini amalga oshirish bo‘yicha o‘z tajribasini taqdim etdi.

Turkmaniston poytaxtida ayollar, tinchlik va xavfsizlik masalalari hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli qarori ijrosiga bag‘ishlangan ikki kunlik mintaqaviy seminar o‘tkazildi. Seminar Finlyandiyaning 2025-yilda YEXHTga raisligi ko‘magida YEXHT tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda Turkmaniston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Tadbir BMT Xavfsizlik Kengashining mojarolarning oldini olish, tinchlik o‘rnatish va barqaror tinchlikni ta’minlashda xotin-qizlarning ishtiroki muhimligini ta’kidlovchi 1325-sonli qarori va xotin-qizlarning xavfsizlik masalalaridagi teng ishtirokiga doir kun tartibini amalga oshirishni ilgari surishga qaratildi.

Seminarning ochilishida Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mahri Bashimova, YEXHTning Ashxoboddagi markazi rahbari, elchi Jon MakGregor va boshqalar so‘zga chiqdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova "Milliy harakatlar rejalarini monitoring qilish, baholash va yangilash" mavzusidagi ekspertlar sessiyasida asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Seminar ishtirokchilariga 1325-sonli qarorni amalga oshirish bo‘yicha 2019-yilda tasdiqlangan Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi. Ushbu sa’y-harakatlarning inklyuzivligi, idoralararo muvofiqlashtirilishi va barqarorligi muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

"Bizning tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, ayollar nafaqat ishtirokchi, balki tinchlik va xavfsizlikning to‘laqonli me’morlari sifatida jalb qilinganda barqaror natijalarga erishiladi. Mintaqaviy hamkorlik va tajriba almashish Markaziy Osiyoda 1325-sonli qaror bo‘yicha kun tartibini ilgari surish uchun juda muhim", dedi Dilnoza Muratova.

O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda qonunchilik mexanizmlarini ishlab chiqish, monitoringni ta’minlash va fuqarolik jamiyatini, shu jumladan ayollar tashkilotlarini jalb qilish bo‘yicha o‘z yondashuvlari bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

O‘zbekiston vakili, shuningdek, Turkmanistonning xotin-qizlarning xavfsizlik masalalaridagi teng ishtirokiga doir kun tartibini milliy ustuvor maqsadlar tarkibiga singdirish istagini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Global kun tartibini milliy voqeliklarga moslashtirish jarayonida mahalliy kontekst, madaniy xususiyatlar va betaraflik tamoyilini hisobga olish muhimligini ta’kidladi.

Ashxoboddagi seminar xotin-qizlarning xavfsizlik va qarorlar qabul qilish masalalarida teng ishtirokisiz barqaror tinchlik bo‘lishi mumkin emasligini yana bir bor tasdiqladi. O‘zbekiston tomoni "Ayollar, tinchlik va xavfsizlik" kun tartibini amalga oshirish doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech