YOZNING BIRINCHI KUNI

1-iyun – Butunjahon ota-onalar kuniga bag‘ishlanadi.

 

Sahar payti bo‘lishiga qaramay havo biroz dim. Go‘yo yomg‘ir yog‘adigandek. Yetti yashar qizi Sabina va besh yoshli o‘g‘li Alisherning, “Dada, turing, parkka boramiz!” degan shirin xarxashasi bilan odatdagidan ancha erta uyg‘ongan Akbar derazadan tashqariga boqar ekan, osmonni qoplagan zangori bulutlarni ko‘rib, xiyla tashvishlandi: “Ishqilib, yomg‘ir yog‘masin-da...”

Ko‘pchilik o‘zbek oilalarida bo‘lgani kabi Akbarning xonadonida ham 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanadi. Ayniqsa, esini ancha tanib qolgan kichkintoylari kun sanab kutishadi. Bu bayram Akbarga ham juda yoqadi. Bolalarining beg‘ubor tabassumi, bearmon shodligini kuzata turib, yurak-yuragidan yasharib ketadi. Axir, ota-ona uchun farzandlarining quvonchini ko‘rishdan ziyoda baxt bormi bu dunyoda?

Bugun ham oila bekasi Nafisa nonushta tayyorlab, kichkintoylarini tez-tez ovqatlantirdi-da, darrov ularni kiyintirishga tushib ketdi. Bolalarining istirohat bog‘iga borish ilinjida onasining har bir aytgan so‘zini kiprik qoqmay bajarishayotganini ko‘rib, Akbar miyig‘ida kulib qo‘ydi. Chinni piyoladagi achchiqqina ko‘k choydan ho‘plar ekan, odatiga ko‘ra, telefonini “titkilab”, yangiliklarga ko‘z yugurtira boshladi. U ko‘pincha maqolalarni sarlavhasiga qarab saralar, qiziqarli nomlangan maqolalarni oxirigacha o‘qib chiqishdan erinmas edi.

Bu gal uning e’tiborini “1-iyun – Butunjahon ota-onalar kuni” nomli maqola tortdi. “Qiziq, 1-iyun bolalar kuni-ku! Nahotki, shunday mashhur saytda ham shunaqa qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishsa-ya”, degan fikr bir lahzada xayolidan o‘tdi. Ajablanib, maqolani o‘qiy boshladi:

“1949-yilda Parijda o‘tkazilgan Ayollar xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi qarori bilan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida e’lon qilingan. Shundan beri ushbu xalqaro sana dunyoning deyarli barcha davlatlarida keng nishonlab kelinadi.

Shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 2012-yildagi 66/292-sonli rezolyutsiyasida 1-iyun – Butunjahon ota-onalar kuni deya belgilangan. Rezolyutsiyada ta’kidlanganidek, “Ushbu kunda biz nafaqat ota-onalarning bolalarni tarbiyalash va himoya qilishdagi ulkan rolini, balki umuman oilaning rolini ham e’tirof etamiz. Shaxsiyatning uyg‘un va har tomonlama rivojlanishi uchun har bir bola oilaviy g‘amxo‘rlikka, ota-onaning iliq munosabati, e’tibori, mehr-muhabbati va tushunishiga muhtojdir”.

Aslida, ota-onalar va bolalar kunining bir sanada nishonlanishi katta ramziy ma’noga ega. Chunki nuridiydalariga yillar davomida bayram quvonchini hadya etgan har bir ota-ona, vaqt o‘tib, keksayganida farzandlaridan ham mehr va e’tibor kutishga haqli. Ikki xalqaro bayramning bir sanada belgilanishi insonlarni farzandlari va ota-onalariga birdek g‘amxo‘rlik qilishga undaydi, oiladagi mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlaydi”.

–       Dadasi, biz tayyor bo‘ldik.

Bo‘sag‘ada jilmayib turgan Nafisaning yoqimli ovozi Akbarni chalg‘itdi. U mulohazakor tabassum bilan o‘rnidan turdi.

Akbar bolalari va ayoli bilan dastlab ota-onasini ko‘rgani bordi. Ularni bayram bilan tabrikladi, olib borgan sovg‘a-salomlarini berib, xursand qildi. Diydorlariga to‘yib, suhbatlashdi.

Shundan so‘ng, birgalikda istirohat bog‘iga borib, bolalarni ham yayratib kelishdi. 1-iyun haqiqiy oila kuniga aylanib ketdi.

Darvoqe, o‘sha kuni kechgacha yomg‘ir yog‘madi.

Qadrli o‘quvchim, siz ham yozning birinchi kunida bolalaringizni xursand qilish barobarida ota-onangizni yo‘qlab, ularning duolarini olishni-da unutmang. Bu ishni 1-iyun – Butunjahon ota-onalar kuni bo‘lgani uchungina emas, balki sizning dunyoga kelishingizga sababchi bo‘lgan, umrini, kuch-quvvatiyu mol-davlatini kamol topishingizga sarflagan ota-onangizning ko‘ngillarini shod etish – farzandlik burchingiz va eng oliy farzingiz ekani uchun ham, albatta, amalga oshiring!

 

Azizbek RAMAZONOV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari

 

Izoh: Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yaqin hamkori - "Tong yulduzi" gazetasi bosh muharriri Feruza Adilova oilasi yaqinda "Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Hamkorimiz va oilasini ushbu mukofot bilan qutlaymiz. Suratlarda ayni shu taqdirlash lahzalari aks etgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech