Dohada vatandoshlar bilan uchrashuv

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Qatar davlatiga rasmiy tashrifi doirasida Doha shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir samarali va samimiy ruhda kechdi.

Vatandoshlar oldida so‘zga chiqqan A.Saidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish va "Yangi O‘zbekiston" g‘oyasi asosida yurtimizni har tomonlama zamonaviylashtirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining Qatar davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xo‘jayev uchrashuv ishtirokchilariga ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, aholi turmush darajasini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kengaytirish, yoshlarga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, chet el sarmoyalarini faol jalb etish va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘zbekiston tadbirkorlarining milliy brendlar va mahsulotlar keng namoyish etilayotgan «Expo Qatar-2025» xalqaro ko‘rgazmasidagi ishtiroki alohida qayd etildi.

Tadbir davomida O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosini saqlash va xorijda targ‘ib qilish, milliy brendni ilgari surish hamda mamlakatning sayyohlik jozibadorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qatar davlati hududida qo‘shma madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Vatanimiz bilan ma’naviy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini e’tirof etdilar. Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini jahon miqyosida ilgari surishga ko‘maklashish maqsadida xorijdagi vatandoshlar sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech