O‘zbekistonning jahon inson huquqlari hamjamiyati ishtirokchisi sifatidagi o‘rni tobora yuksalmoqda

27-28-may kunlari Qatarning Doha shahrida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi sharoitida inson huquqlariga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 70 dan ortiq mamlakatdan davlat tuzilmalari va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari vakillari, yetakchi mutaxassislar va olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston ushbu muhokama maydonida faol qatnashib, raqamlashtirish davrida inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro tizimini mustahkamlash bo‘yicha global sa’y-harakatlarga sodiqligini tasdiqladi. Anjumanning ikkinchi kunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov so‘zga chiqdi.

A.Saidov avvalo raqamli o‘zgarishlar sharoitida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasiga batafsil to‘xtaldi. So‘nggi yillarda mamlakatda davlat boshqaruviga raqamli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilgani, bunda raqamli muhitda inson huquqlarini huquqiy tartibga solish va ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va fuqarolarning axborotdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan strategik normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish kabi muhim tashabbuslar taqdim etildi.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasining amaldagi a’zosi sifatida A.Saidov mazkur Qo‘mitaning inson huquqlari bo‘yicha universal standartlarni texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellekt rivojlanishi keltirib chiqaradigan muammolarga moslashtirish borasidagi tajribasi bilan ham o‘rtoqlashdi. Bunda innovatsion rivojlanishni shaxs huquq va erkinliklariga qat’iy rioya qilish bilan uyg‘unlashtiradigan muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston vakilining nutqi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va inson huquqlari nuqtayi nazaridan raqamli jarayonlarni tartibga solishga umumiy yondashuvni shakllantirishga muhim hissa qo‘shdi.

Umumiy va mavzuli majlislarda turli mamlakatlar va tashkilotlar vakillari raqamli muhitda inson huquqlarini ta’minlash, sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish, bu borada xalqaro axloqiy me’yorlarni ishlab chiqish zarurati yuzasidan o‘zaro tajriba va mutaxassislik fikrlarini almashdilar.

Anjuman yakunida texnologik taraqqiyot sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalarida ishtirokchilarning asosiy tamoyillari, yondashuvlari va majburiyatlari aks ettirilgan yakuniy hujjat – Doha deklaratsiyasi loyihasi muhokama qilindi va tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Deklaratsiyaning qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, global muloqotda faol ishtirok etishga va bu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishga tayyorligini tasdiqladi.

Delegatsiyamizning Doha xalqaro anjumanidagi ishtiroki O‘zbekistonning adolatli, raqamli jihatdan qamrovli va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan rivojlanish modelini yaratish ustida faol ishlayotgan xalqaro inson huquqlari hamjamiyatining mas’uliyatli va tashabbuskor ishtirokchisi sifatidagi o‘rni tobora yuksalib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech