Bokuda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar simpoziumi bo‘lib o‘tmoqda

18-iyun – Ozarbayjon Respublikasida Inson huquqlari kuni.  Mamlakatda, shuningdek, 2025-yil – "Konstitutsiya va suverenitet yili", deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Boku shahrida "Qonun ustuvorligini mustahkamlash: ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli" mavzusidagi xalqaro simpozium o‘z ishini boshladi.

Simpozium Ozarbayjon Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda 15 mamlakatdan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rahbarlari va ombudsmanlar, davlat organlari namoyandalari, parlament deputatlari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek, inson huquqlari sohasidagi tajribali mutaxassislar qatnashmoqda.

Xalqaro anjuman ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari professor Mirzatilla Tillaboyev ham ishtirok etmoqda.

Ishtirokchilar simpozium boshlanishidan oldin Bokuning qoq markazida – Parlament shohko‘chasida 1948-yili bunyod etilgan  va mamlakatning 200 dan ortiq yirik namoyandasi dafn etilgan “Faxriylar xiyoboni”ni ziyorat qildilar. Bu yerda ozarbayjon xalqining umummilliy lideri, mustaqil Ozarbayjon davlatining me’mori va asoschisi Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirildi hamda taniqli oftalmolog olim, akademik Zarifa xonim Aliyeva xotirasi ham yod etildi.

Mehmonlar “Shahidlar xiyoboni”da bo‘lib, Ozarbayjonning Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qahramon o‘g‘il-qizlari xotirasiga ehtirom ko‘rsatdilar. Ularning qabrlariga gullar qo‘yildi.

Simpozium doirasida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ombudsmanlarning konstitutsiyaviy huquqlarni ta’minlash, barcha uchun teng huquqlarni kafolatlash sohasidagi faoliyati: ijobiy tajriba va muammolar mavzusidagi yalpi majlis bo‘lib o‘tmoqda.

Anjuman davomida qochoqlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ijobiy tajriba almashish masalalariga bag‘ishlangan sho‘ba muhokamalari ham o‘tkaziladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech