“Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” parallel sessiyasi yakunlari

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Raqamli transformatsiya davrida huquqni muhofaza qilish sohasidagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida “Huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’limning dolzarb masalalari” parallel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Parallel sessiyaning maqsadi — huquqni muhofaza qilish faoliyatida ta’lim va ilm-fanning o‘rnini chuqur tahlil qilish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirishning innovatsion yo‘llarini muhokama qilish va raqamli transformatsiya davrida vujudga kelayotgan yangi tahdidlar va imkoniyatlarga munosib yechimlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Bu jarayonda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xalqaro tajriba bilan bog‘liq bilimlarini boyitish, tizimdagi amaliyot va nazariya o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash, shuningdek, zamonaviy ta’lim platformalari va texnologiyalari vositasida huquqiy bilimlarni samarali uzatish usullari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Sessiyada 10 dan ziyod davlatdan 50 ga yaqin huquqshunos olimlar, jumladan, huquqni muhofaza qilish faoliyatida fan va ta’lim sohasida O‘zbekiston, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Shvetsiya, Belarusiya, Tojikiston Respublikasining sud-tergov amaliyoti va ta’lim sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi. Ular orasida quyidagilarni alohida ta’kidlash mumkin: Bekir Altun – Turkiya adliya akademiyasi prezidenti, Matskevich Igor Mixaylovich – Rossiya Federatsiya prokuraturasi universiteti rektori, Ovchinnikov Vladimir Vasilevich – Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro tarmoq instituti direktori va boshqa xorijlik mutaxassislar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda milliy olimlar qatnashdi.

Sessiyada quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ma’ruzalarga keng e’tibor qaratildi. Xususan, raqamli texnologiyalarning huquqni muhofaza qilish faoliyatiga ta’siri, Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida ta’lim tizimini raqamlashtirish, jumladan, modulli va masofaviy ta’lim tizimlari, elektron ta’lim platformalarining samaradorligi, ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi integratsiya mexanizmlari, akademik ta’lim va xizmat amaliyotini uyg‘unlashtirish, xalqaro akkreditatsiya va huquqiy ta’lim standartlari, ilmiy tadqiqotlar orqali sohani rivojlantirish, ilmiy-amaliy loyihalarda akademik muassasalar va amaliyotchi organlar hamkorligi, yuridik fan va uning boshqa sohalarini rivojlantirish masalalari, inson huquqlari va raqamli texnologiyalar o‘rtasidagi muvozanat masalalari.

Tadbir davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur parallel sessiya nafaqat huquqni muhofaza qilish sohasida ta’lim va fanning joriy holatini baholashga, balki uning kelajakdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.

Tadbir ishtirokchilari orasida tuzilgan xalqaro aloqalar, kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarga asos bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sessiya materiallari asosida maxsus konferensiya materiallar to‘plami tayyorlanmoqda.

O'zbekiston Respublikasi
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi

Powered by GSpeech