23-24-iyun kunlari Ulan-Batordagi Davlat saroyida "BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari bilan parlament hamkorligini mustahkamlash: Universal davriy sharh va Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi – e’tibor markazida" mavzusida milliy seminar bo‘lib o‘tdi. Anjuman Parlamentlararo Ittifoq va Mo‘g‘uliston Buyuk davlat xurali tomonidan tashkil etildi.
Seminar ishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi. O‘zbekiston vakili BMT Inson huquqlari qo‘mitasining Jenevadagi 144-sessiyasida parallel ishtirok etayotgani munosabati bilan Ulan-Batordagi milliy seminarda videomurojaat orqali so‘zga chiqdi.
Professor A.Saidov BMT doirasidagi Universal davriy sharh va Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasining inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlarida O‘zbekiston parlamenti ishtirokini ta’minlash borasidagi amaliy tajribani – milliy ma’ruzalarni tayyorlashdan tortib, ularning bajarilishini nazorat qilishgacha bo‘lgan keyingi barcha bosqichlarigacha – batafsil bayon qildi. U O‘zbekiston parlamenti vazirliklar, fuqarolik jamiyati va inson huquqlari bo‘yicha institutlar ishtirokida hisobotlarni shakllantirish, parlament eshituvlarini o‘tkazish, shuningdek, tavsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish borasida yetakchi rol o‘ynashini ta’kidladi.
A.Saidov, shuningdek, xalqaro standartlarni milliy huquq tizimlariga samarali joriy etish uchun parlamentlararo hamkorlik, mamlakatlar o‘rtasida bilim va tajriba almashish muhimligini qayd etdi.
Tadbirda Mo‘g‘uliston parlamenti a’zolari, davlat organlari, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar vakillari va mustaqil ekspertlar qatnashdi. Seminar davomida Mo‘g‘ulistonning 2025-yilda Universal davriy sharh bo‘yicha milliy hisobotini tayyorlash, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirishda mamlakat parlamenti ishtirokini kuchaytirish, shuningdek, gender tenglikni ilgari surish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ulan-Batordagi seminarda O‘zbekiston tomonining yuqori darajadagi ishtiroki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro maydonda inson huquqlari sohasida ochiqlik, muloqot va amaliy hamkorlik tamoyillariga sodiqligining tasdig‘idir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.06.2025
- Ko'rishlar: 245
- Chop etish