25-26-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Senatorlar tomonidan, jumladan, mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziriga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Senat a’zolarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlarida, shu jumladan, sayyor qabullarda, Senatga kelib tushayotgan murojaatlarda hamda ijtimoiy tarmoqlarda davlat idoralari, korxona va tashkilotlari mehnat qonunchiligiga yetarli darajada rioya etmayotganligi oqibatida so‘nggi vaqtlarda fuqarolar tomonidan e’tirozlar bildirilmoqda. Shuni inobatga olib, ushbu masala Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘rganilgan.
Jumladan, 2023-2024-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va xalq qabulxonalariga kelib tushgan bandlik va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganish jarayonida aniqlanganidek, ayrim davlat idoralari, korxona va tashkilotlarining murojaatlar bilan ishlash faoliyati qoniqarsizligicha qolmoqda.
Davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga mazkur masalalar bo‘yicha 167 314 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, murojaatlar soni 2024-yilda (80 816 ta) 2023-yilga (86 498 ta) nisbatan qariyb 6 mingtaga yoki 7 foizga kamaygan bo‘lsa-da, mehnatga haq to‘lash hamda mehnat va bandlik sohasidagi boshqaruv bilan bog‘liq masalalarga doir murojaatlar soni oshgan.
2024-yilda sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha joylarda mehnat qonunchiligiga rioya qilmaslik oqibatida huquqi buzilgan fuqarolar foydasiga ish beruvchilardan 166 milliard so‘m ish haqi, 22 milliard so‘m kechikkanlik uchun haq, 20 milliard so‘m ma’naviy zarar va 17 milliard so‘m davlat boji undirish haqida sud qarorlari qabul qilingan bo‘lib, natijada ayrim rahbarlarning noqonuniy buyruqlari natijasida jami 225 milliard so‘m miqdorida yoki 2023-yilga nisbatan 86 milliard so‘mdan ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Mehnat nizolarining aksariyatini ish haqini undirish, ishga tiklash, pulli kompensatsiya undirish, mehnat ta’tili, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik bilan bog‘liq nizolar tashkil etgan.
Aholining haqli e’tirozlari ko‘payishi, adolatsizlik yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishi senatorlar tomonidan tanqid qilindi. Muhokama natijasida mazkur masala yuzasidan parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha Senatning qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati xabarida qayd etilganidek, yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 13 ta masala, shu jumladan, 8 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 27.06.2025
- Ko'rishlar: 473
- Chop etish