16-iyul kuni Sian shahrida "Xitoy – Markaziy Osiyo" inson huquqlarini rivojlantirish forumining 2025-yildagi anjumani o‘tkazildi. Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan ushbu xalqaro forum "Inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yo‘lida sivilizatsiyalararo muloqotni chuqurlashtirish va o‘zaro boyitish" mavzusiga bag‘ishlandi.
An’anaviy xalqaro anjumanda Xitoy Xalq Respublikasi va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlaridan 60 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, tegishli hukumat idoralari vakillari, ekspertlar va olimlar, ommaviy axborot vositalari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari vakillari, shuningdek, jamoat birlashmalari rahbarlari qatnashdi.
Forum ishida mamlakatimiz vakili – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev ishtirok etdi.
Muhokamalar asnosida asosiy e’tibor "Sivilizatsiyalar xilma-xilligi, Osiyo qadriyatlar tizimi va inson huquqlarini global boshqarish", "Yagona taqdir hamjamiyatini birgalikda qurish va inson huquqlari sohasini rivojlantirishga ko‘maklashish" kabi mavzular tahliliga qaratildi.
Xitoy Inson huquqlarini rivojlantirish jamg‘armasi boshqaruv kengashi raisi Se Fuchjan butun insoniyat farovonligi yo‘lida hech bir mamlakat va millat ortda qolmasligi muhimligini qayd etdi. Shuningdek, taraqqiyotga ko‘maklashish maqsadida hamkorlikka amal qilish va rivojlanish natijalaridan inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni ilgari surish uchun foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Se Fuchjanning fikricha, rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati butun dunyo xalqlariga ko‘proq foyda keltirish va inson huquqlarini himoya qilish darajasini doimiy ravishda oshirish uchun rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirishi va umumiy modernizatsiyaga hissa qo‘shishi lozim.
Forum ishtirokchilari inson huquqlarini ta’minlash sohasida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini e’tirof etdilar va bunga ishonch bildirdilar.
Inson huquqlarini rivojlantirish bo‘yicha ushbu forum bo‘lib o‘tgan Sian shahri – Shimoli-g‘arbiy Xitoy hududiga qarashli Shensi viloyatining ma’muriy markazi hisoblanadi. Bundan oldin shunga o‘xshash forumlar 2023-yil sentyabr oyida – Pekinda va 2024-yil may oyida – Ostonada o‘tkazilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.07.2025
- Ko'rishlar: 605
- Chop etish