Oliy sudda “Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini sud orqali himoya qilishda qonunchilikni qo‘llash amaliyoti va muammolari” mavzusidagi konferensiya tashkil etildi.
Ma’lumki, shaxsning sha’ni, qadr-qimmati, ishchanlik obro‘sini himoya qilish – shaxsning va uning ezgu nomini muhofaza etishning eng muhim konstitutsiyaviy kafolatlaridan biridir.
Axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlar va anonim aloqa tarmoqlarining shiddatli rivojlanishi bu sohada sud himoyasi uchun yangi muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Natijada sud ishlari yanada murakkablashib, mas’uliyat oshib bormoqda.
Konferensiyada sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bo‘yicha nizolar yuzasidan sud amaliyoti qanday shakllanayotgani, bu sohada qanday muammolarga duch kelinayotgani hamda qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish uchun qanday chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi haqida o‘zaro fikr almashildi.
Ushbu muammoning dolzarbligi nafaqat huquqiy, balki nomoddiy ne’matlarni himoya qilishning ijtimoiy ahamiyati bilan ham belgilanadi. Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ilgarigidan ham tezroq va keng miqyosda tarqalmoqda.
Fuqarolarimiz o‘z obro‘si va qadr-qimmatiga qilingan har qanday tajovuzlarga nisbatan adolatli, tez va malakali munosabat bildirilishini istamoqda.
So‘nggi yillar statistikasi shunday ishlar sonining barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsatyapti.
Xususan, 2023 va 2024 yillarda jami 44 (2023 yilda 22, 2024 yilda 22) fuqarolarning sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq fuqarolik ishlari ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmining o‘zida bu raqamlar karrasiga ko‘payib, 47 fuqarolik ishini tashkil qilgan va mazkur ishlarning 37 tasi yoki 79 foizi qanoatlantirilib, javobgarlardan 23,7 million so‘m moddiy va 403,6 million so‘m ma’naviy zarar undirilgan.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rish mumkinki, sudlar sha’n va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bo‘yicha tobora ko‘proq da’vo talablarini ko‘rib chiqqan. Aksariyat hollarda da’vo talablari qanoatlantirilgan. Ayniqsa, internet nashrlariga oid bunday ishlar soni sezilarli darajada ortgan. Bu tendensiya bizning oldimizga sodir bo‘layotgan voqealarni ilmiy-amaliy jihatdan tushunish vazifasini qo‘ymoqda.
Sud amaliyoti oldida turgan muammolardan biri sifatida ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha dalillarni baholashning yagona standartlari yo‘qligi, ma’lumotlarning obro‘ga putur yetkazuvchi xususiyatini aniqlashda turlicha yondashuvlar, ma’naviy zararni qoplash miqdorini belgilashdagi qiyinchiliklar, sha’n, qadr-qimmatni himoya qilish huquqi va so‘z erkinligi o‘rtasidagi muvozanat mezonlarining ishlab chiqilmagani, raqamli manbalardan axborotni o‘chirish va uni bloklash bilan bog‘liq masalalarning yetarli darajada tartibga solinmaganini sanab o‘tish mumkin.
O‘xshash vaziyatlarga turlicha yondashuvlar mavjud bo‘lgan sharoitda sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotining bir xilligini ta’minlash zarur.
Shu munosabat bilan so‘nggi 2-3 yildagi ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini har tomonlama umumlashtirish, ayni paytda 1992 yil 19 iyundagi Oliy sud plenumining “Sud amaliyotida fuqaro va tashkilotlarning sha’ni, qadr-qimmati
va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi qonunlarni qo‘llash to‘g‘risida”gi qarorining yangi tahririni zamonaviy tendensiyalarga mutanosib yangi tahrirda ishlab chiqish, sudyalar va jarayon ishtirokchilari uchun maxsus uslubiy materiallar va amaliy qo‘llanmalar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarur.
Amaliyotni umumlashtirish nafaqat muammoli nuqtalarni va ijobiy misollarni aniqlash imkoniyati, balki yangi standart va tavsiyalarni ishlab chiqish uchun samarali vositadir.
Tadbirda bugungi kunda sudlarimizga internet va boshqa raqamli muhitlarda ma’lumotlarni tarqatish holatlariga nisbatan an’anaviy qonun normalarini qo‘llash, shuningdek, fikr va faktik bayonotlarni farqlash bo‘yicha aniqroq tushuntirishlar kerakligi qayd etildi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA
- Qo'shildi: 31.07.2025
- Ko'rishlar: 386
- Chop etish