Ayrim oilalarga farzandi maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanishi uchun moddiy yordam toʻlash tartibi belgilandi

Hukumat qarori (484-son, 31.07.2025-y.) bilan “Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan rasmiy band boʻlgan yolgʻiz ota va onalarga farzandi uchun maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanish uchun moddiy yordam toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali maʼlum qildi.

Qarorga koʻra, moddiy yordam Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band boʻlgan yolgʻiz ona (ota)ga ijtimoiy shartnoma asosida toʻlanadi.

Bunda ularning maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanayotgan 3 yoshgacha boʻlgan farzand(lar)iga BHMning 1,5 baravarigacha miqdorda toʻlab beriladi.
Moddiy yordam qonuniy vakilning 3 yoshgacha boʻlgan faqat 1 nafar farzandi (bolalar egizak boʻlsa, egizaklarning har biriga) uchun beriladi.

Moddiy yordam olish uchun qonuniy vakil “Inson” markazlari, Davlat xizmatlari markazlariga bevosita kelgan holda yoki ijtimoiy xodim yoxud “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (“YAMIH” AT), shuningdek, YAIDXP (my.gov.uz) orqali ariza bilan murojaat qiladi.

Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:

  • qonuniy vakilning fuqarolik biometrik pasporti maʼlumotlari;
  • 3 yoshgacha boʻlgan farzand(lar)ining tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi(lari) maʼlumotlari;
  • mobil telefoni raqami;
  • AT “Xalq banki” bankida ochilgan bank kartasi maʼlumotlari.

Moddiy yordam hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasigacha qonuniy vakillarning “ijtimoiy karta”lariga, ular mavjud boʻlmaganda, AT “Xalq banki”da ochilgan bank kartalariga oʻtkazib beriladi.

 

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech