19-avgust kuni Toshkent shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 14-chaqiriq Umumxitoy qo‘mitasi Xalq siyosiy maslahatlashuv kengashining doimiy a’zosi, Milliy va diniy ishlar bo‘yicha komissiya boshlig‘ining o‘rinbosari, Xitoy inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha jamiyatining ijrochi vitse-prezidenti Tsyan Tsyanguo bilan uchrashdi. Uchrashuv XXR delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Xitoy delegatsiyasi a’zolariga O‘zbekistonning milliy qonunchiligi va inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi asosiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasi ishlab chiqilgani, bu borada milliy harakatlar rejalari va strategiyalarni tayyorlash hamda amalga oshirish borasida tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Xitoyda amalga oshirilgan izchil islohotlar va ochiqlik siyosati natijasida oliy qadriyat hisoblanuvchi inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim natijalarga erishilgani qayd etildi. Bunda davlat tizimining dasturilamal g‘oyalari, asosiy faoliyati va vazifalari xalqning o‘zini o‘zi boshqarish, vatanparvarlik, qonun ustuvorligi, inson huquqlarini hurmat qilish va kafolatlash tamoyillariga yo‘naltirilgani alohida ahamiyat kasb etadi.
Xitoyning inson huquqlariga yondashuvi Xitoy Kommunistik partiyasi mafkurasi va siyosatini rivojlantirishni yorqin ifoda etadi. Xitoy inson huquqlarining ham umumbashariyligini, ham o‘ziga xosligini tan oladi. Odamlarning turmush darajasini yaxshilash sharoitlarida Xitoy demokratiyani rivojlantirish, tinchlikni saqlash, taraqqiyot jarayonida inson huquqlarini himoya qilishni rag‘batlantirish hamda inson huquqlarini xalqaro himoya qilishning dasturlarini kengaytirish tarafdoridir.
Szyan Szyango O‘zbekistonning inson huquqlari sohasida erishgan taraqqiyotini yuqori baholar ekan, bu boradagi shiddatli va qamrovdor islohotlarni – beqiyos yangilanishlar, deb ta’rifladi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashabbuslari asosida, xususan, BMT Bosh Assambleyasining 15 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani e’tirof etildi.
Bu boradagi natijador qadamlar, o‘z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘si tobora oshib borayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Xitoy Xalq Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hamkorlikda ishlab chiqqan "Sivilizatsiyalararo muloqot xalqaro kuni" nomli rezolyutsiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinganiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston bilan Xitoyning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hamkorlikni yanada chuqurlashtirish maqsadida bir qator aniq rejalar, xususan:
-
inson huquqlari sohasidagi milliy strategiyalar va harakatlar rejalarini amalga oshirishga yondashuvlarni o‘rganish;
-
inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan raqamli makonda huquqlarni himoya qilish va qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqni ta’minlash kabi zamonaviy tahdidlar bo‘yicha muntazam qo‘shma seminarlar va konferensiyalar o‘tkazish yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.
Tomonlar ushbu kelishuvlarning amalga oshirilishi ikki tomonlama muloqotni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashinuvini ta’minlash va har ikki davlatda inson huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Uchrashuvda XXRning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Xitoy delegatsiyasi a’zolari, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri Erkin Ernazarov va boshqalar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»
- Qo'shildi: 19.08.2025
- Ko'rishlar: 160
- Chop etish