Intellektual mulk obektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yengillashtirishga, shuningdek intellektual mulk egalarining manfaatlarini va ularning qonuniy huquqlarini samarali himoya qilish chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan "Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilindi.
Jinoyat kodeksi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzishga oid modda bilan to‘ldirildi. Xususan, asarlardan yoki turdosh huquqlar obektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning e’tiboriga yetkazish – BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Xuddi shunday harakatlar takroran yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib yoxud xizmat mavqeyidan foydalanib, OAVdan foydalanib, ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, qonun bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:
- intellektual mulkning ayrim obektlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlarini qisqartirish;
- patent bojlarini to‘lash bo‘yicha qo‘shimcha qulayliklarni joriy etish;
- intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish va boshqalar.
Quyidagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:
- "Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va ma’lumotlar bazalarini huquqiy muhofaza qilish to‘g‘risida"gi;
- "Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida"gi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 26.08.2025
- Ko'rishlar: 177
- Chop etish