Sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini  yanada takomillashtirish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustda qabul qilingan “Odil sudlov sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida  belgilangan. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi ochilgani bu boradagi muhim va salmoqli qadam bo‘ldi.

3-oktyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Yangi O‘zbekistonda malakali sudyalar korpusini shakllantirish: islohotlar samaradorligi va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi. Anjuman  O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Odil sudlov akademiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, UNESCO, UNICEF, shuningdek, Xalqaro yuristlar komissiyasining mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamkorligida tashkil etildi.

Xalqaro konferensiyada Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining “Sud binosiga kelgan har bir inson O‘zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”, degan fikrlarini eslatdi. Binobarin, insoniyat adolatli hayot tarziga, umr yo‘llarida haqiqat qaror topishiga hamisha tashna. Sud-huquq tizimi esa jamiyatda qonun ustuvorligi, haqiqat barqarorligi va adolat barhayotligi uchun mas’uldir.

A.Saidov, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklari himoyasini ta’minlash nuqtayi nazaridan, sudlar faoliyatini tubdan takomillashtirish, sud tizimi xodimlarining malakasini oshirish borasida bir qator muhim qadamlar qo‘yilganini qayd etdi. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, «Yangi O‘zbekiston — yangi sud» tamoyili doirasida sud tizimi faoliyatini takomillashtirish, ularni tom ma’noda inson huquq va manfaatlari himoyachisiga aylantirish bo‘yicha izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Taniqli huquqshunos ta’kidlaganidek, Prezidentimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi qamrovdor, tizimli va izchil islohotlarning hozirgi bosqichida shunday qat’iy qarorga kelgani, ya’ni Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasini tashkil qilishga jazm etgani bejiz emas. Chunki kuchli sudlar hamda tom ma’noda bilimli, ma’naviyatli va odil sudyalargina fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ishonchli tayanchiga – “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylanadi.

Konferensiyada sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha milliy tajriba va xalqaro mezonlar atroflicha muhokama etildi. Jumladan, mamlakatimizda bu borada amalga oshirilgan islohotlar mazmun-mohiyatini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga yetkazish muhimligiga e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Fransiya, Ispaniya, Bolgariya va Rossiya kabi davlatlarning ayni sohadagi tajribalari bilan yaqindan tanishildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech