Mamlakatimizda Xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur izchillik bilan bajarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Milliy dasturni 2024–2025-yillarda amalga oshirishga qaratilgan Kompleks chora-tadbirlar dasturining 18-bandida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari ijrosini o‘rganish vazifasi belgilangan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tomonidan tanlov asosida belgilangan turli hududlar va mahallalarda, xususan, Navoiy, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida monitoring tadbirlari amalga oshirildi.
8-oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida mazkur monitoring natijalari asosida qonunchilik hujjatlari va huquqiy amaliyotni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash yuzasidan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, hududlarda xotin-qizlarga berilgan keng huquq va imtiyozlardan foydalanish holatini yaxshilash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ayollarning ijtimoiy, mehnat va sog‘liqni saqlashga oid huquqlarini erkin ro‘yobga chiqarish, shuningdek, ularni har qanday kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqilib, ularni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish belgilandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 09.10.2025
- Ko'rishlar: 172
- Chop etish