2025 yil 22 oktyabr kuni Rossiya Fanlar akademiyasining Davlat va huquq institutida “Zamonaviy qiyosiy huquqshunoslik: yangi fikrlarni izlash yo‘lida” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. X. Saidov, Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, akademik A. N. Savenkov, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi A. G. Lisitsyn-Svetlanov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori M. T. Turg‘unov, shuningdek, mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi vakillari, yetakchi mahalliy va xorijiy olimlar, davlat hokimiyati organlari mutasaddilari hamda amaliyotchi huquqshunoslar ishtirok etdi.
Konferensiyada zamonaviy qiyosiy huquqshunoslikning dolzarb masalalari, shu jumladan huquqiy institutlarning rivojlanishi, qiyosiy-huquqiy tadqiqotlarning institutsionallashuvi, mintaqaviy va milliy qiyosiy huquqshunoslik maktablarining o‘zaro hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi.
Anjuman doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov “Rossiya Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining 100 yilligi” faxriy medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, konferensiya yakunida Rossiya Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti o‘rtasida ilmiy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Memorandumda yuridik fanlar sohasida ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy tadqiqotchilarning o‘zaro tajriba almashinuvini yanada faollashtirish kabi vazifalar belgilangan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.10.2025
- Ko'rishlar: 274
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский