2025-yil 23-oktyabr kuni Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan tashkil qilingan "Inson huquqlarini himoya qilish masalalari: Ombudsmanlarning ilg‘or tajribalari almashinuvi" mavzusida IX Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda 60 dan ortiq davlatning ombudsmanlari, xalqaro tashkilotlar, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari qatnashdi.
Konferensiyaning ochilish qismida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V. V. Putin, Federatsiya Kengashi raisi V. I. Matviyenko, Davlat Dumasi raisi V. V. Volodin, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri S. V. Lavrov, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Prezidenti M. Spolyarovichning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabriklari o‘qib eshittirildi.
Rossiya ombudsmani T. Moskalkova xalqaro inson huquqlari hamjamiyatiga strategik rejalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, raqamli qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiya qilish, aholi uchun raqamli jamiyatda ularning huquq va erkinliklari masalalari bo‘yicha maxsus ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishga e’tibor qaratishni taklif qildi.
Konferensiyada ishtirok etgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov o‘z nutqida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning inson huquqlariga ta’siri haqida to‘xtaldi. Shu bilan birga, anjuman ishtirokchilarini kelgusi yilda o‘tkaziladigan Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumiga taklif etdi.
Anjumanda inson huquqlari institutlari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribalar muhokama qilindi. Tadbirda ta’kidlanganidek, raqamlashtirish davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirib, fuqarolarning davlat idoralariga taklif yoki shikoyat bilan murojaat qilishini soddalashtiradi. Raqamli texnologiyalarning maqsadli qo‘llanilishi davlat boshqaruvida fuqarolar ishtirokini faollashtirib, shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ammo shu bilan birga, raqamli tengsizlikning o‘sishi, shaxsiy hayotga tahdidlar, shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi, shuningdek, odamlar taqdiriga ta’sir qiluvchi qarorlar qabul qilishda sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq xavflar ham mavjud. Konferensiya ishtirokchilari raqamlashtirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun sun’iy intellektni tartibga solish zarur, degan xulosaga kelishdi.
Qizg‘in muhokamalarga boy bo‘lgan ushbu ilmiy-amaliy anjuman inson huquqlari sohasida o‘zaro tajriba almashish va davlatlararo hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.10.2025
- Ko'rishlar: 275
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский