Tadbirlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etilmoqda.
Mintaqaviy uchrashuvlar turkumi UDSh tavsiyalarining milliy va mintaqaviy darajalarda bajarilishini muhokama qilish, erishilgan natijalar va mavjud muammolarni tahlil etishga qaratilgan. Shuningdek, O‘zbekiston 2026-yilda taqdim etadigan Milliy oraliq ma’ruza loyihasi uchun takliflar ishlab chiqiladi.
Tadbir doirasida UDSh tavsiyalari, BMTning shartnomaviy organlari va mamlakatning xalqaro majburiyatlari hisobga olingan holda ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi Milliy strategiyasi loyihasi ham muhokama qilinmoqda.
Seminar ishtirokchilari oldida so‘zga chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov UDSh mexanizmining inson huquqlari sohasidagi asosiy xalqaro vosita sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.
U BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi Umar Zniberning ta’rifini eslatdi. Ushbu ta’rifga ko‘ra, UDSh inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha global hamkorlik mexanizmi bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Milliy markaz direktori qayd etganidek, aynan UDSh tufayli inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajriba butun dunyo bo‘ylab tarqalmoqda. Bugungi kunda samaradorlik borasida unga teng keladigan boshqa universal mexanizmlar mavjud emas.
Seminar ishtirokchilari oldida so‘zga chiqqan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher UDSh doirasida oraliq ma’ruza taqdim etishning alohida ahamiyatiga e’tiborni qaratdi. Uning ta’kidlashicha, oraliq ma’ruzada strategik ahamiyatga ega uchta asosiy omil mavjud bo‘ladi:
birinchidan, oraliq ma’ruzaning taqdim etilishi davlatning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro muloqotga ochiqligini ko‘rsatadi;
ikkinchidan, uni tayyorlash davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida mazmunli fikr almashish uchun maydon yaratadi, mustaqil baholar va tavsiyalarni hisobga olish imkonini beradi;
uchinchidan, ushbu hujjat UDSh mexanizmi bo‘yicha navbatdagi milliy ma’ruza uchun mustahkam asos bo‘ladi va uni ishlab chiquvchilar ishini sezilarli darajada yengillashtiradi.
Tadbir davomida UDSh va BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini inobatga olgan holda, 2020-yil iyun oyida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilingani ta’kidlandi. Strategiya inson huquqlari sohasida davlatning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ular orasida yashash va sog‘liqni saqlash huquqini ta’minlash, gender tenglikni mustahkamlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasidagi ta’limni rivojlantirish, sud hokimiyatining mustaqilligi va qiynoqlarga qarshi murosasiz kurash kabi muhim yo‘nalishlar mavjud.
Ushbu tizimli ishlarning mantiqiy davomi sifatida Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya loyihasi ishlab chiqildi.
Seminarlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari, Samarqand va Farg‘ona viloyatlari davlat organlari vakillari, xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatlari va viloyat sudlari sudyalari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilarga UDSh mexanizmi doirasida olingan tavsiyalar, Milliy oraliq hisobotning tuzilishi va mazmuni haqida ma’lumot berilyapti. Joylarda tavsiyalarni amalga oshirishdagi asosiy yutuqlar va muammolar ham tahlil qilinmoqda.
Muhokamalar yakunlari bo‘yicha ishtirokchilarning taklif va xulosalari UDSh doirasida O‘zbekiston Respublikasining Milliy oraliq ma’ruzasi loyihasiga kiritiladi. Yakuniy hujjatni 2026-yil mart oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga taqdim etish rejalashtirilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский