Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar

8-aprel kuni Inson huquqlari uyida "Tashkent International University" xalqaro universiteti talabalari uchun shu mavzuda sayyor ma’ruza o‘tkazildi. Mashg‘ulot Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan mazkur Universitet bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Bunda asosiy e’tibor O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosiga qaratildi. Binobarin, ushbu Farmonda belgilangan vazifalarning asosiy maqsadi zamonaviy xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish, yuridik ta’lim, ilm-fan va amaliyotning uzviy bog‘liqligini ta’minlashdir.

Sayyor dars avvalida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi, milliy ma’ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish borasida samarali faoliyat olib borayotganiga urg‘u berildi.

Yurisprudensiya fakulteti talabalarini Milliy markaz faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ularning faoliyati to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida aynan shunday davra suhbatlari, sayyor dars mashg‘ulotlari yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlari bilan doimiy ravishda tashkil etib kelinayotgani ta’kidlandi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 56-moddasiga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Gap shundaki, ushbu normalar misolida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga konstitutsiyaviy maqom berildi va bu bejiz emas. Chunki fuqaroning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash faqat huquqni muhofaza qilish organlari yoki tegishli sudlar orqali emas, balki inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar ko‘magida ham amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kiradi. Ularning faoliyati inson huquqlari bo‘yicha xalqaro andozalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etilgan hamda doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Mashg‘ulot davomida, shuningdek, Milliy markaz mas’ul xodimlari H.Mo‘minov  va O. Ahmadov Milliy markaz bo‘limlarini hamda Inson huquqlari uyi faoliyati, bu yerda tashkil etilayotgan tadbirlarning mohiyati va ahamiyati haqida axborot taqdim etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech