Toshkent xalqaro migratsiya forumi mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari huquqlari himoyasiga bag‘ishlandi
18-19-may kunlari poytaxtimizda “Mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish” mavzusida “Xalqaro migratsiya forumi-2026” bo‘lib o‘tdi. Ushbu birinchi Toshkent xalqaro migratsiya forumi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM) hamkorligida tashkil etildi.
Bugungi globallashuv jarayonida migratsiya masalasi dunyo davlatlari oldidagi muhim mavzulardan biriga aylandi. Ayniqsa, mehnat migratsiyasi, migrantlar huquqini himoya qilish, xavfsiz va qonuniy migratsiya tizimini rivojlantirish masalalari xalqaro hamkorlikni talab etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Toshkent xalqaro migratsiya forumi xalqaro miqyosda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Asosiy maqsadi Markaziy Osiyo va boshqa davlatlar bilan migratsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xavfsiz, tartibli va muntazam migratsiyani ta’minlashdan iborat mazkur forum xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyani rivojlantirish maqsadida dunyoning 40 dan ortiq davlati vakillari – 600 ga yaqin ishtirokchini bir maydonga jamladi.
Forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va “Yangilanishlar davrida migratsiya boshqaruvi: islohotlardan – natijalarga” mavzuida ma’ruza qildi. A.Saidov qayd etganidek, 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va huquqlari oliy qadriyat ekani mustahkamlandi.
Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonda migratsiya va mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish masalalari alohida emas, balki barqaror rivojlanish, inson kapitalini yuksaltirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy adolatni mustahkamlash vazifalari bilan uzviy bog‘liq holda ko‘riladi. Shu asosda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solish va fuqarolarni migratsiya jarayonining barcha bosqichlarida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yaxlit tizim shakllantirildi.
O‘zbekiston mehnat migratsiyasining xavfsiz, tartibli va qonuniy kanallarini rivojlantirish tarafdori bo‘lib kelmoqda. Binobarin, qonuniy migratsiya ekspluatatsiya va inson huquqlari buzilishi xavfini kamaytiradi, mehnat migrantlarining ijtimoiy va huquqiy himoyasini kuchaytiradi, davlatlar va ish beruvchilar manfaatlariga xizmat qiladi hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga hissa qo‘shadi.
Xalqaro migratsiya tashkilotining 2026 yilgi hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 304 millionga yaqin xalqaro migrant mavjud. Shundan 168 millioni mehnat migrantlaridir. Ular jahon mehnat bozori va iqtisodiy o‘sishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Migrantlar oilalariga qariyb 905 milliard dollar miqdorida pul o‘tkazmalari yo‘naltirilgan.
O‘z navbatida, 38 milliondan ziyod aholisi bor va Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan O‘zbekiston mintaqada eng yosh demografik tarkibga ega. Bugungi kunda pul o‘tkazmalari mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotining muhim omillaridan biriga aylangan. Ayni paytda 1 million 200 nafar fuqaromiz xorijda rasmiy mehnat faoliyatini olib bormoqda.
Muxtasar aytganda, O‘zbekiston BMT tomonidan Migratsiya bo‘yicha global bitim (GCM) maqsadiga muvofiq migratsiyani boshqarish sohasidagi islohotni faol ilgari surayotgan, ilg‘or tajriba namoyish etayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilmoqda. Forumda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ham mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarni yuqori baholadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский