Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 26-may kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutida tashkil etilgan davra suhbatida XXI asrda inson huquqlari mavzusida so‘zga chiqdi.

Ushbu tadbir “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 60-yilligiga va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligiga: evolyutsiya, ahamiyat va istiqbollar” mavzusiga bag‘ishlandi. U xalqaro huquq sohasidagi yetakchi mutaxassislar, ilmiy doiralar, xalqaro tashkilotlar va tegishli davlat tuzilmalari vakillarini birlashtirdi.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik A. Saidov “XXI asrda inson huquqlari: xalqaro paktlar va rivojlanish huquqi: zamonaviy tahdidlar” nomli ma’ruzasida inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning universal tizimi uchun fundamental asos bo‘lib qolayotganini, rivojlanish huquqi esa zamonaviy global tahdidlar sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha kun tartibini siyosiylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik, teng huquqli va adolatli xalqaro muloqotni ta’minlash, shuningdek, inson huquqlari, barqaror taraqqiyot hamda xalqaro birdamlik tamoyillarining o‘zaro bog‘liqligiga alohida urg‘u berildi.

Davra suhbati chog‘ida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar evolyutsiyasining zamonaviy tendensiyalari, hozirgi xalqaro munosabatlarda inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning ahamiyati haqida fikr yuritildi. Shuningdek, Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning adolat, teng huquqlilik va xalqaro hamkorlik prinsiplarini mustahkamlashdagi o‘rni ko‘rib chiqildi.

Qatnashchilar inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi zamonaviy xatarlarga, xalqaro-huquqiy mexanizmlarning umumbashariy xususiyatini mustahkamlash, inson huquqlari muammolarini siyosiylashtirishga yo‘l qo‘ymaslik va o‘zaro manfaatli xalqaro muloqotni rivojlantirish zaruratiga alohida e’tibor qaratdilar.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, ekspertlar va ilmiy doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishda umumbashariy xalqaro-huquqiy mexanizmlarning rolini kuchaytirish lozimligini ta’kidladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech