Shahrisabzda “Abdulla Oripov va Qalandar Abdurahmonov nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi”  ochildi

26-may kuni Shahrisabz davlat pedagogika instituti huzurida Abdulla Oripov va Qalandar Abdurahmonov nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi o‘z faoliyatini boshladi. Institut rektori Mash’al Saidov shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimni ochar ekan, yangi ilmiy-tadqiqot markazi yosh avlodni milliy ma’naviyat, adabiyot, ilm-fan va tafakkur an’analari ruhida tarbiyalash, buyuk siymolar merosini chuqur o‘rganish hamda targ‘ib qilishdek ezgu hamda yuksak maqsadlarga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning umr yo‘ldoshi Hanifa Mustafoyeva, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori akademik Qalandar Abdurahmonov, Oliy Majlis Senati a’zosi professor Abdurahim Erkayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining raisi professor Sharofiddin Nazarov va boshqalar so‘zga chiqdi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, yangi ilmiy-tadqiqot markazi aynan Temuriylar Renessansiga asos solgan ulug‘ Sohibqiron bobomiz tug‘ilib-o‘sgan qadimiy va navqiron Shahrisabz shahrida ochilganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chunki O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning bemisl adabiy-badiiy merosi va dunyo miqyosida mashhur iqtisodchi olim akademik Qalandar Abdurahmonovning uzoq yillik ilmiy-amaliy xizmatlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash ishiga qo‘shilgan munosib hissadir.

Tadbirda Abdulla Oripov va Qalandar Abdurahmonov nomidagi ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari haqida ham so‘z yuritildi. Ilmiy-tadqiqot markazi, xususan, Abdulla Oripovning boy adabiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish; akademik Qalandar Abdurahmonovning ilmiy faoliyati va iqtisodiy tafakkur maktabini tadqiq etish; talaba-yoshlarni ilmiy izlanish va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatga jalb qilish; milliy va xalqaro miqyosdagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirish; ilm-fan, ma’naviyat va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish ishlariga alohida e’tibor qaratadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech