O‘zbekiston Jenevada inson huquqlari universalligi muhokamasining hamtashkilotchisi bo‘ldi
Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 62-sessiyasi doirasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamda mintaqaviy huquqni himoya qilish tizimlari ishtirokida “Turli mintaqalarda inson huquqlarining universalligi va zamonaviy chaqiriqlar” mavzusida parallel tadbir o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumati hamtashkilotchilardan biri sifatida ishtirok etdi.
Shuningdek, hamtashkilotchilar qatoridan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Yevropa Kengashi, Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Inson huquqlari bo‘yicha Arab xartiyasi qo‘mitasi o‘rin oldi.
Tadbir geosiyosiy keskinlik, normalarni tanlab talqin qilish va fuqarolik makonining torayishi sharoitida inson huquqlarining universalligi, bo‘linmasligi hamda o‘zaro bog‘liqligi tamoyilini tasdiqlashga bag‘ishlangan panel muhokamasi shaklida o‘tdi.
Ishtirokchilar universallik bir xillikni anglatmasligini ta’kidladilar. Ya’ni, universal standartlar turli huquqiy tizimlar va institutsional an’analar orqali amalga oshirilib, legitimlik va samaradorlikka erishadi. Mintaqaviy mexanizmlar esa global tizim hamda milliy voqeliklar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini o‘taydi.
Inson huquqlarini himoya qilish, milliy institutlarni mustahkamlash hamda xalqaro va mintaqaviy huquqni himoya qilish mexanizmlari bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni izchil amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasining tajribasi universal xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etishning muvaffaqiyatli namunalaridan biri sifatida qayd etildi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Ava Dabo inson huquqlarining universalligi BMT Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, shuningdek Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturida mustahkamlangan xalqaro huquqni himoya qilish tizimining asosi ekanligini ta’kidladi. U BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining global va mintaqaviy tizimlar o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in sifatidagi rolini uqtirib, universal me’yorlarni parchalash va nisbiylashtirish tendensiyalaridan ogohlantirdi.
Yevropa Kengashi Bosh kotibining BMTdagi maxsus vakili, Yevropa Kengashining Jenevadagi doimiy kuzatuvchisi, elchi Miroslav Papa Yevropa mintaqaviy tizimi tajribasini, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining yurisprudensiyasini mintaqaviy darajada universal normalarni joriy etish namunasi sifatida taqdim etdi.
Afrika va Amerika mintaqalari vakillari o‘z chiqishlarida inson huquqlarining universalligi milliy o‘ziga xosliklar va mintaqaviy tajribani hisobga olgan holda eng samarali tarzda ro‘yobga chiqarilishini alohida ta’kidladilar.
BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Filipp Jaffe bola huquqlarining universalligini shartnomaviy organ nuqtayi nazaridan tahlil qildi. U universal standartlar turli madaniy-huquqiy sharoitlarda qay tarzda izchil qo‘llanilishiga e’tiborni qaratdi.
Tinch yig‘ilishlar va birlashmalar erkinligi huquqi bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachi Kleman Nyaletsossi Vule fuqarolik makonining torayib borayotganiga hamda yagona huquqni himoya qilish tizimining ajralmas qismi bo‘lgan asosiy erkinliklarni – tinch yig‘ilishlar va birlashish huquqini – universal himoya qilish muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Interfaol sessiya davomida davlatlar, mintaqaviy tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan global hamda mintaqaviy inson huquqlari mexanizmlarining o‘zaro hamkorligiga doir amaliy jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir yakunlari O‘zbekiston uchun mamlakat vakillarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining shunga o‘xshash tadbirlaridagi ishtirokini davom ettirish hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va mintaqaviy inson huquqlari tizimlari bilan hamkorlikda tadbirlarni tashkil etish amaliyotini rivojlantirish maqsadga muvofiq ekanini ko‘rsatdi.
Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi milliy tashabbuslarni ilgari surish uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maydonidan foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Inson huquqlarining universal standartlarini mustahkamlash maqsadida Yevropa Kengashi, Afrika komissiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha Amerika davlatlararo komissiyasi bilan mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish ham mamlakat uchun katta qiziqish uyg‘otadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский