Milliy markazda xotin-qizlarda yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan trening o‘tkazilmoqda
2-iyul kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida xotin-qizlarda yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ikki kunlik trening boshlandi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi rolini yanada mustahkamlash, ularning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, davlat organlari, huquqni muhofaza qilish va sud tizimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning kasbiy mahorati va boshqaruv salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Trening O‘zbekistonning gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi davlat siyosatini izchil amalga oshirish hamda mamlakatning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini, jumladan, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi qoidalarini bajarish doirasida tashkil etildi.
Ishtirokchilarga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Artikova va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko tabrik so‘zlari yo‘lladi.
Ular o‘z nutqlarida xotin-qizlarning yetakchilik salohiyatini mustahkamlash inklyuziv va samarali davlat boshqaruvi tizimini barpo etish, ayollar va erkaklarning ijtimoiy hayotda teng ishtirokini ta’minlash, shuningdek, tenglik va kamsitmaslik tamoyillarini yanada ilgari surishning muhim sharti ekanini ta’kidladilar.
Trening huquqni muhofaza qilish idoralari hamda gender tenglikni targ‘ib qilish sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar tomonidan olib borilmoqda. Ular orasida Buyuk Britaniya politsiyasining o‘ttiz yildan ortiq xizmat tajribasiga ega katta ofitseri, sobiq bosh konstebl va qotilliklarni tergov qilish bo‘yicha milliy muvofiqlashtiruvchi Keyt Meynell hamda Barselona politsiyasi superintendanti, gender tenglik masalalari bo‘yicha yo‘nalish rahbari va Yevropa politsiyachi ayollar tarmog‘ining uzoq yillik prezidenti Montserrat Pina ham bor.
Birinchi kun dasturi asosiy yetakchilik kompetensiyalarini rivojlantirish, samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish va kasbiy faoliyatda o‘ziga ishonchni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar yetakchilikka zamonaviy yondashuvlar, qaror qabul qilish jarayonlarida ayollarning o‘rni, shuningdek, kasbiy yuksalish yo‘lida yuzaga keladigan qiyinchiliklar va imkoniyatlarni muhokama qildilar.
Har bir ishtirokchining shaxsiy yetakchilik salohiyati, strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, jamoada samarali hamkorlik qilish va kasbiy muhitda konstruktiv muloqot o‘rnatish qobiliyatini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy mashg‘ulotlar boshqaruv va kommunikativ ko‘nikmalarni takomillashtirishga qaratilgan interfaol mashqlar, guruh muhokamalari hamda tajriba almashishni o‘z ichiga oldi.
Birinchi kunning yakuniy sessiyasi kasbiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlashga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar tajriba almashish asnosida ayollarni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarishning muvaffaqiyatli amaliyotlarini muhokama qildilar va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Trening 3-iyul kuni o‘z ishini davom ettiradi. Ikkinchi kun davomida strategik yetakchilik, o‘zgarishlarni boshqarish, murakkab sharoitlarda qaror qabul qilish masalalari, shuningdek, gender tenglikni ilgari surish va ayollarning boshqaruv jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishning amaliy mexanizmlari ko‘rib chiqiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский