Denovda profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening o‘tkazildi
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili bilan hamkorlikda mamlakatimiz hududlarida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha MFY profilaktika inspektorlari uchun seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda.
Ushbu tizimli mashg‘ulotlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.
10-iyul kuni Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida xuddi shunday seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga bag‘ishlandi.
Mashg‘ulotlar davomida xalqaro va milliy huquq sohasida tajribali mutaxassislar, taniqli olimlar va ekspertlar guruhi tomonidan ma’ruzalar taqdim etildi.
Seminarda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyati, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratildi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский